Isroil 20-yanvarga o‘tar kechasi HAMAS tomonidan ozod qilingan uch kishi evaziga 90 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi, deb xabar berdi The Times of Israel nashri.
Almashtirishdan oldin mahbuslar Quddus yaqinidagi “Ofer” qamoqxonasiga yetkazildi. Ozodlikdan oldin Isroil xavfsizlik kuchlari va Qizil Xoch vakillari har bir mahbusning shaxsini tekshirdi va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, deyiladi xabarda.
Ozod qilinganlar orasida 69 nafar ayol, jumladan, bir nafar voyaga yetmagan qiz, 8 nafar voyaga yetmagan yigit va 12 nafar erkak bor. Ozodlikka chiqqandan so‘ng 78 kishi Iordan daryosining g‘arbiy sohiliga, 12 kishi Sharqiy Quddusga olib ketildi.
Qatarning “Al-Jazira” telekanali xabariga ko‘ra, ozod qilinganlar orasida Falastin muxtoriyatining Yevropa Kengashidagi vakili va Falastin ozodligi xalq frontining mahbuslar qo‘mitasi rahbari Xolida Jarar ham bor.
Isroillik garovga olinganlarni falastinlik mahbuslarga almashtirish 19-yanvarda boshlandi: HAMAS guruhi isroillik uch ayolni ozod qildi.
O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimning birinchi bosqichida HAMAS 97 nafar isroillik garovga olinganlardan 33 nafarini, Isroil esa mingdan ortiq falastinlik mahbusni ozod qilmoqchi.