Prezident tibbiyot muassasalarini jihozlash va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Bu maqsadlar uchun har yili budjetdan kamida 100 milliard so‘m ajratilayotgani ta’kidlandi. Bundan tashqari, birgina o‘tgan yilning o‘zida yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar xarid qilish uchun 200 million dollarlik xorijiy investitsiya va 94 million dollarlik grantlar jalb etildi.
Natijada oldin faqat respublika muassasalarida bo‘lgan kompyuter tomografi, magnit rezonansli tomograf, angiograflar hozir viloyatlarda, o‘nlab tumanlarda o‘rnatildi.
Joriy yil ushbu maqsadlarga davlat hisobidan 200 milliard so‘m ajratilgan. Shuningdek, tibbiyotga 370 million dollar xorijiy investitsiya kiritilishi mo‘ljallangan.
Taqdimotda tibbiyot muassasalarini jihozlash rejalari ma’lum qilindi.
Xususan, Osiyo taraqqiyot bankining 100 million dollar mablag‘i evaziga respublikadagi 230 ta tug‘ruq muassasasi uchun 45 turdagi 21 mingta tibbiy uskuna va 6 ta reanimobil xarid qilinadi. Germaniyaning KfW bankining 30 million yevro mablag‘i hisobiga Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi 19 tadan tibbiyot muassasasi yurak-qon tomir kasalliklarini davolovchi 862 ta uskuna bilan jihozlanadi.
Bundan tashqari, ayni bankning 13,5 million yevro miqdoridagi granti evaziga Termiz shahrida o‘quv markazi va talabalar turar joyi quriladi. Markaz zamonaviy o‘quv-simulyatsiya uskunalari va axborot texnologiyalari bilan jihozlanadi.
Davlat rahbari tibbiyot muassasalarini jihozlash vazifaning faqat bir qismi ekani, hozirdanoq yangi asbob-uskunalar ustida ishlay oladigan malakali mutaxassislarni tayyorlash zarurligini ta’kidladi. Tegishli muassasalarda shifokor va hamshiralarni qo‘shimcha o‘qitishni tashkil etish vazifasini qo‘ydi.
Ta’kidlanishicha, mavjud texnologiyalardan unumli foydalanish ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, hududlarda angiograflar yuklamasi o‘rtacha 34 foizni tashkil qiladi, turli hududlarda tomograflarning ishlashi ham sezilarli darajada farq qiladi.
Shu bois hokimliklar bilan birga davlat shifoxonalaridagi yuqori texnologik uskunalardan samarali foydalanish bo‘yicha autsorsing va xususiy sheriklik loyihalari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.