2024-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga yoki 3,4 mlrd dollarga ko‘payib, 14,8 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan jismoniy shaxslar valyuta operatsiyalari bo‘yicha sharhda ma’lumot berilgan.

Mablag‘larning 77 foizi Rossiyadan (11,5 mlrd dollar) kelib tushgan bo‘lib, bu mamlakatdan o‘tkazmalar 2023-yilga nisbatan 29 foizga ko‘paygan. Bu transfertlarning qolgan qismi Qozog‘iston (795 mln dollar), AQSh (577 mln dollar), Janubiy Koreya (534 mln dollar), Turkiya (405 mln dollar), Buyuk Britaniya (135 mln dollar) va boshqa mamlakatlardan o‘tkazilgan.

Infografika: Markaziy bankInfografika: Markaziy bank

Markaziy bank 2024-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmining 2023-yilga nisbatan o‘sishini mehnat migratsiyasi yo‘nalishida kuzatilgan ijobiy tendensiyalar, xususan migrantlarni qabul qiluvchi mamlakatlarda iqtisodiy faollik, ishchi kuchiga talab va ish haqlarining oshishi hamda migratsiya geografiyasi tarkibida yuqori daromadli mamlakatlar ulushining ortishi bilan izohlangan.

Shuningdek, mazkur mablag‘larning oylar kesimi bo‘yicha tahliliga ko‘ra, 2024-yilda o‘tkazmalar dinamikasining shakllanishiga mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq mavsumiylik omili bilan birga mehnat muhojirlari faoliyat yuritadigan an’anaviy mamlakatlarda milliy valyuta kursidagi tebranishlar ham ta’sir ko‘rsatgan.

2024-yilda 2023-yil bilan solishtirganda O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi Buyuk Britaniyadan 83 foizga, Janubiy Koreyadan 56 foizga, AQShdan 35 foizga hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 32 foizga o‘sgan.

pul o‘tkazmalari

Bu davrda jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning 8,2 mlrd dollari an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali (2023-yilga nisbatan o‘sish 14 foiz), 5,9 mlrd dollari xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri (P2P) o‘tkazmalar orqali (o‘sish 51 foiz) hamda 774 mln dollari bank o‘tkazmasi (SWIFT) orqali (o‘sish 2,1 barobar) amalga oshirilgan.

“Xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri (P2P) o‘tkazmalar tezkorligi, qulayligi va nisbatan arzonligi hisobiga ommalashib bormoqda. Birgina 2024-yilda P2P (onlayn) tranzaksiyalar soni qariyb 71 milliontaga yetgan bo‘lsa (2023-yilga nisbatan o‘sish 47 foiz), o‘tkazmalar hajmining kelib tushgan jami mablag‘lar hajmidagi ulushi 40 foizgacha ko‘paydi (2023-yilda 34 foiz)”, — deya qayd etgan Markaziy bank.

Shu bilan birga, 2024-yilda O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2,8 mlrd dollarni (2023-yilga nisbatan o‘sish 19 foiz) tashkil qildi.