Qozog‘iston 18-yanvardan xorijga kartoshka eksportini taqiqladi. Cheklov olti oy davomida amal qiladi, deya xabar qildi mamlakat hukumati matbuot xizmati.

Qozog‘iston hukumatining qayd etishicha, bunday chora-tadbirlar ichki bozorda narxlarni barqarorlashtirish va bozor ishtirokchilari tomonidan chayqovchilikning oldini olish maqsadida ko‘rilgan.

“Qo‘shni davlatlar, xususan, O‘zbekiston tomonidan talabning ortishi, shuningdek, eksport narxlarining yuqoriligi tufayli kartoshka eksporti 1,5 baravarga — 411 ming tonnadan 605 ming tonnagacha oshdi. Oxirgi haftada eksportga ixtisoslashgan ishlab chiqaruvchilarda narxning 170 tengedan 270 tengegacha keskin o‘sishi qayd etildi”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Taqiq YeOII mamlakatlariga taalluqli emas, ammo bu yo‘nalishdagi eksport ham kuzatib borilishi aytilgan.

“Shuningdek, mavjud vaziyatdan kelib chiqib, 2025-yil 16-yanvardan eksport uchun fitosanitariya sertifikatlarini berish butunlay to‘xtatildi”, — deya qo‘shimcha qilgan hukumat.

Mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligi hozirda Qozog‘istonda 2025-yilning erta hosiligacha ichki ehtiyojni to‘liq qoplash uchun yetarli bo‘lgan kartoshka zaxiralari mavjudligini ta’kidladi.

O‘tgan yil davomida Qozog‘istonda kartoshka narxi o‘rtacha 37,7 foizga oshgandi. Sabablar qatorida bahorgi sel kelishlari, ekish kampaniyasi boshlanishining kechikishi, yozdagi noqulay ob-havo ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-noyabr oylarida mamlakatga 627 ming tonna kartoshka import qilingan. Bu hajmning 74,2 foizi yoki 465,2 ming tonnasi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. Bir yil davomida O‘zbekistonda kartoshka deyarli 40 foizga qimmatlagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev noyabr oyida O‘zbekistonda 10 ta asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotini (kartoshka, piyoz, tuxum, sut, un, guruch, yog‘ va boshqalar) hisobga olish tizimi ishga tushirilishini ma’lum qilgandi. O‘shanda Qishloq xo‘jaligi vaziri talabni qondirish, jumladan, kartoshka va sholi ekiladigan maydonlarni kengaytirish, yangi kungaboqar urug‘larini yaratish chora-tadbirlari bilan tanishtirgandi.