Angliyaga mavsumiy ishga borish uchun 10-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan ro‘yxatga olish natijalari bekor qilingan edi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi mas’ullari 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qildi. “Gazeta.uz” muxbiri o‘zi nima bo‘ldiyu, mas’ullar nima dedi — barchasini bir sahifaga jamladi.
Nima bo‘ldi?
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi 2024-yil 28-dekabr kuni O‘zbekiston fuqarolariga Angliyaga mavsumiy ish o‘rinlari uchun ro‘yxatdan o‘tish kunlarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, agentlikning xorijdaish.uz portali orqali 2025-yil 10-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:00 dan 19:00 gacha Buyuk Britaniyaning HOPS rekruting kompaniyasi tomonidan taklif etilayotgan mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish ochildi.
Shuningdek, agentlik tanlov ro‘yxatdan o‘tish bosqichlarini o‘z ichiga olishi, bu ro‘yxatdan o‘tish keyingi bosqichlarda ishtirok etishni kafolatlamasligi, jarayon HOPS’ning avtomatik tanlov tizimiga bog‘liqligini ta’kidlab o‘tdi. Qayd etilishicha, tanlov to‘liq HOPS operatori tomonidan amalga oshiriladi. Migratsiya agentligi esa tanlangan fuqarolarning Buyuk Britaniyaga jo‘nab ketishini keyinchalik tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
10-yanvar kuni soat 15:00 da e’lon qilingan mavsumiy ishlarga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Agentlikka ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida saytda texnik uzilishlar yuzaga kelgan. Jumladan, bir vaqtning o‘zida platformadan foydalanuvchilar soni 2 milliondan ortib ketgan. Shu sababli ro‘yxatdan o‘tish 10-yanvar soat 19:00 emas, balki 21:00 gacha uzaytirilgan.
12-yanvar kuni Migratsiya agentligi Angliyadagi mavsumiy ishlarga 12 ming 331 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi.
“Onlayn test sinovi HOPS operatori tomonidan 2025-yil 14−15-yanvar kunlari o‘tkaziladi. Test ma’lumotlari faqat ro‘yxatdan o‘tgan va tanlangan fuqarolarga elektron pochta orqali yuboriladi. Elektron pochtangizni diqqat bilan tekshirishingiz kerak. Agar siz onlayn test uchun havolani olmagan bo‘lsangiz, demak tanlanmagan hisoblanasiz. Onlayn ro‘yxatdan o‘tish keyingi tanlov bosqichlarida ishtirok etishni kafolatlamaydi. Tanlov qarorlari to‘liq HOPS tomonidan qabul qilinadi” — deyilgan edi agentlik xabarida.
Migratsiya agentligi
Lekin oradan uch kun o‘tib, 15-yanvarda agentlik Angliyada mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari uchun ochilgan ro‘yxatdan o‘tish natijalari Hops Labour Solutions tomonidan bir yoqlama bekor qilinganini bildirdi.
“Ushbu qaror Hops Labour Solutions tomonidan qabul qilingan va Migratsiya agentligida uni o‘zgartirish vakolati yo‘q. Masala yuzasidan savol va e’tirozlaringiz bo‘lsa HOPSʼning hello@hopsls.com, complaints@hopsls.com elektron pochtasiga rus va ingliz tillarida murojaat qilishingiz mumkin”, — deyiladi agentlik bayonotida.
Mazkur holat yuzasidan Hops Labour Solutions tashkiloti ham bayonot berdi. Britaniya rekrutring muassasasiga ko‘ra, tashkilotga ro‘yxatga olish jarayoniga uchinchi shaxslarning aralashuvi haqidagi ko‘plab ishonchli xabarlar kelgani uchun jarayon to‘xtatilgan.
“Hurmatli arizachilar, 10-yanvar, juma kuni ro‘yxatga olish jarayoniga uchinchi shaxslarning aralashuvi haqidagi ko‘plab ishonchli xabarlar tufayli HOPS O‘zbekistonda bo‘lajak ishga qabul qilish bosqichini keyinga surishga majbur. Bu — juma kuni ro‘yxatdan o‘tganlar uchun katta umidsizlik bo‘lishini tushunsak-da, biz ishga qabul qilish jarayonining yaxlitligi va shaffofligini ta’minlashga mas’ulmiz. Agar sizda uchinchi shaxslar Buyuk Britaniyaning mavsumiy ishchilar sxemasida joy olish uchun pul undirganligi haqida dalillaringiz bo‘lsa va siz bizning davom etayotgan tergovimizga yordam berishni istasangiz, biz bilan complaints@hopsls.com pochtasi orqali bog‘lanishingizni tavsiya qilamiz”, — deyiladi HOPS bayonotida.
Agentlikning qo‘shimcha izohi
17-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi rahbariyati ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida agentlik direktori o‘rinbosari Matlab Quronov mazkur masalaga oid savolga javob qaytardi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
“Bu loyiha oxirgi 2 yil davomida agentlik va Angliyadagi ish beruvchi o‘rtasida tashkillashtirilgan, hammasi qonuniy. Oldingi yilda ham ketishgan, avvalgi yillarda ham bunga o‘xshash kamchiliklar va xatolar kuzatilgan. Bu yil biz oldingi yillarda qilingan xatolardan kelib chiqqan holda yondashdik, shunda ham ma’lum bir muammolar yuzaga keldi. Asosiy masala 4 soatlik vaqtni 6 soatga cho‘zdik, „ko‘proq qilib qo‘ysa bo‘lmasmidi?“, degan savollar ham berilyapti. Bir narsani tushunish kerakki, agentlik faqat aytilgan shart-sharoitlar va vaqtni tashkillashtirib beradi. Shundan keyin ish beruvchilar bizga yakuniy ro‘yxat berib, shuncha odam o‘tdi, shularga viza rasmiylashtirish va yuborishda ko‘mak berishni so‘rasa, ta’minlab beramiz”, — dedi agentlik rasmiysi.
Foto: AOKA
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi yili 1 million atrofida fuqaro Angliyaga ketish maqsadida murojaat qilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkish 3 millionga yaqinlashgan. “Biz o‘tgan yilgi kamchiligimizni, ya’ni o‘z platformamizni mukammallashtirdik. Shunda ham texnik sabablar bo‘ldi, bir paytning o‘zida buncha yuklamani ko‘tarolmay qoldi. Shu sababli 4 soatga 2 soat qo‘shib berilib, vaqt uzaytirildi. Lekin ular [HOPS] o‘z talablaridan kelib chiqib, vaqtni 6 soatdan oshira olmadi”, — dedi Matlab Quronov.
“Bu loyihani qayta e’lon qilishga kelishdik. Chunki fuqarolardan „biz tusholmadik“, „ro‘yxatdan o‘tolmadik“, „bizda muammolar bo‘ldi“ degan mazmunda ko‘plab murojaatlar tushdi. Adolatsizlik bo‘lmasligi uchun birinchi tanlovdan o‘tganlarning ham natijalarini bekor qildik, hammaga takroran birdek imkoniyat beriladi. Hammaga teng huquq va imkoniyat yarataylik, degan ma’noda vaqt masalasini ham, platformadan o‘tish kerak bo‘lgan imkoniyatlarini ham kengaytirish ustida ishlayapmiz. Chunki borgan sari talab kuchayib ketyapti, ammo texnika doim ham bu talabga javob berolmayapti. Lekin yaqin orada e’lon qiladigan tanlovlar uchun tayyorgarlik ko‘ryapmiz. O‘ylaymanki, fuqarolarga vaqt tomondan ham, imkoniyat tarafdan ham kengaytirib, sharoitlar yaratib beramiz”, — deydi agentlik direktori o‘rinbosari.
“Angliyadagi ish beruvchilar [ishchilardan] hech qanday kasb mutaxassisligi so‘ramaydi. Hozir 3 millionga yaqin odam murojaat qilganini aytdik, bu vahimali narsa emas. Chunki viza olish maqsadida xohlagan odam, hatto oilaviy ariza topshirishi ham mumkin. Sababi ish beruvchilar „ozgina rus tilini bilsa va qo‘lidan mehnat qilish kelsa, bo‘ldi“, deyapti”, — deya qo‘shimcha qildi agentlik direktori o‘rinbosari Azimjon Husanov.