Respublika oliy ta’lim kengashi tanqidlarga va deputatlik so‘roviga qaramay, baribir xususiy oliygohlar kontraktdan tushadigan pullarining 4 foizini Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazib berishni istamoqda. Bu haqda iqtisodchi Yuliy Yusupov o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi. Iqtisodchi buni “davlat reketi” deb atadi. Profi University nodavlat oliy ta’lim tashkiloti asoschisi Bektosh Hatamov va iqtisodchi, jamoatchilik faoli Otabek Bakirov ham o‘z postlarida mazkur “tashabbus” mualliflarini “reketchilar” deb atashdi. Iqtisodchi Bekzod Hoshimov esa bu holatga Oliy Majlisni chetlab o‘tish orqali soliq solish deya baho berdi.

Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga 4 foizli “o‘lpon”, “soliq” yoki “dolya” solish tashabbusining qonuniyligi bundan oldin so‘roq ostiga olingan, bunga javoban Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Respublika oliy ta’lim kengashi qarorlari majburiy kuchga ega emasligi haqidagi bayonot bilan chiqqan edi. Biroq nazarimda, iqtisodchi Yuliy Yusupov e’lon qilgan “Respublikada oliy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risida”gi shartnoma matni yana bir qator jiddiy savollarni o‘rtaga chiqaradiki, ularni ham nazardan chetda qoldirish mumkin emas.

Respublika oliy ta’lim kengashi maqomi: davlatmi yoki nodavlat

Shartnomaga ko‘ra, “buyurtmachi” (oliy ta’lim tashkiloti) “bajaruvchi”ga (Respublika oliy ta’lim kengashiga) to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning moliya yili oxiriga qoldig‘idan 4 foizini o‘tkazib beradi. Shartnomada “bajaruvchi” nomidan uni respublika Oliy ta’lim kengashi raisi va ayni paytda prezident Administratsiyasi ijtimoiy rivojlantirish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov imzolashi ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-dekabrdagi 1037-son qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, Respublika oliy ta’lim kengashi nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonuni 2-moddasiga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkiloti — jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) o‘z qatnashchilari (a’zolari) o‘rtasida taqsimlamaydigan o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotidir. Mazkur qonunning 15-moddasiga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkiloti uning muassislari (a’zolari) qarori asosida tashkil qilinadi. Xuddi shu qonunning 4-moddasi davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatiga aralashishini taqiqlaydi. Davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatiga aralashmasligi tamoyili O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 72-moddasida ham belgilangan.

Respublika oliy ta’lim kengashi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining (har ikkalasi ham davlat boshqaruv organi) takliflari asosida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi hamda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari kengashi negizida tashkil qilingan. Kengash tarkibi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan va tasdiqlanadi (qarang: “Respublika oliy ta’lim kengashi to‘g‘risida” Nizomning 15-bandi, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-dekabrdagi 1037-son qarori 3-ilovasi). Uning (nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lgan kengashning) huquq va majburiyatlari ham xuddi shu Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan.

Nodavlat notijorat tashkiloti davlat organlari (vazirlik va inspeksiya) taklifi asosida, davlat organi (prezident) tomonidan tashkil qilinishi va uning tarkibi, huquq va majburiyatlari davlat organi (Vazirlar Mahkamasi) tomonidan belgilab berilishi mumkinmi? Bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 72-moddasi va “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan ixtiyoriylik hamda davlat organlarining nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatiga aralashmasligi tamoyillarining buzilishi emasmi?

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi (15-modda) va birorta qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiyaning prinsip va normalariga zid bo‘lishi mumkin emas (16-modda). “Normativ huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, qonunosti hujjatlari (prezident qarorlari va farmonlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari) o‘ziga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga (Konstitutsiya, qonunlarga) muvofiq bo‘lishi kerak.

Respublika oliy ta’lim kengashi va oliy ta’lim tashkilotlari shartnomasi: qonunchilikka qay darajada mos?

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 102-moddasiga ko‘ra, shartnoma tuzish uchun taraflar kelishib xohish bildirgan bo‘lishi kerak. Xuddi shu kodeksning 354-moddasigca ko‘ra, fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar.

Shartnomani imzolovchi tomonlardan biri — “buyurtmachi”, ya’ni mablag‘ni berishi kerak bo‘lgan tomon — nodavlat ta’lim tashkilotlari ekani aytilmoqda. Ikkinchi — “bajaruvchi”, “buyurtmachi”dan mablag‘ oladigan tomon nomidan esa shartnomani prezident Administratsiyasining ta’lim masalalarini nazorat qiluvchi mansabdor shaxsi imzolashi ko‘zda tutilgan. De-fakto bu tomon nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziya berish va ularning litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qilish vakolatiga ega davlat organi (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi) ustidan nazorat olib boradi va unga buyruqlar bera oladi. Bunday holatda — shartnoma tomonlaridan biri ikkinchisiga qaram bo‘lganda — tomonlar shartnomani “xohish bildirgan holda”, “erkin” tuzyaptilar, deya olamizmi?

Shartnoma shartlariga ko‘ra, bir tomon ikkinchi tomonga mablag‘ o‘tkazib berish majburiyatini olyapti. Fuqarolik Kodeksining 355-moddasiga ko‘ra, haq evaziga tuzilgan shartnomada bir taraf o‘z burchlarini bajarganligi uchun haq oladi. Mazkur shartnomada “bajaruvchi” tomon qaysi burchini bajarishi — “buyurtmachi”ga haq evaziga qanday tovar yoki xizmatlarni, qaysi muddatlarda yetkazib berishi, bu tovar yoki xizmatlarga qanday talablarga javob berishi kerakligi aniq ko‘rsatilmagan. Bunday shartnomalar haqiqiy deb topilishi mumkinmi?

Shartnomada Respublika oliy ta’lim kengashi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-dekabrdagi 1037-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida ish yuritayotganligi qayd etilgan. Mazkur Nizomga ko‘ra, kengashning asosiy faoliyat yo‘nalishlari oliy ta’limga oid turli masalalar yuzasidan “takliflar ishlab chiqish”, “tizimli tahlil qilib borish”, “tavsiyalar ishlab chiqish”, “tashkiliy masalalarda ko‘maklashish”dan iborat. Nizomda kengash oliy ta’lim tashkilotlariga pullik xizmatlar ko‘rsata olishi va umuman, haq evaziga shartnomalar tuza olishi ko‘rsatilmagan. Shunday ekan, kengash oliy ta’lim tashkiloti bilan pullik shartnomalar tuzishi va bunday shartnoma asosida ikkinchi tomondan pul mablag‘larini qabul qilib olishi qay darajada qonuniy?

Oliy ta’lim kengashi xususiy oliygohlarga “shartnoma” niqobi ostida “soliq” yoki “o‘lpon” solishi keysining nodavlat oliy ta’lim xizmatlari sektori rivojlanishiga jiddiy zarba bo‘lishi haqida yozmoqchi emasman. O‘zi shundoq ham litsenziya beruvchi organ — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbari nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga litsenziya berish amalda to‘xtatilganini (qonunchilikka zid ravishda, chunki “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, litsenziyalash sohasidagi vakolatli organ talabgorlar hujjatlarini qabul qilishi, ko‘rib chiqishi va qonunda belgilangan asoslardagina rad qilishi kerak) tan olib turganda bunday keyslar nodavlat oliy ta’lim sektoriga mablag‘ tikmoqchi bo‘lgan investorni o‘ylantirishi tabiiy. Bu keys nafaqat nodavlat oliy ta’lim sektoriga, balki davlatning o‘z fuqarolari, potensial investorlar va xalqaro hamjamiyat oldidagi obro‘siga, davlatga, uning qonunlari va organlariga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadi. Sababi bitta keys orqali davlat o‘zi chiqargan qonunlariga, belgilagan qoidalariga, hatto “oliy yuridik kuchga ega” deb e’lon qilgan Konstitutsiyasiga istagan paytda rioya qilmasligi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Bunday keyslar yig‘ilib-yig‘ilib obro‘ va ishonchni shunday parchalab tashlaydiki, bundan keyin hech qanday “favqulodda shtablar” na mahalliy va na xorijiy investorlarni jalb qilishga yordam bermay qoladi.