TikTok 19-yanvar kuni AQShda o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgandi va mamlakatda bloklangan birinchi yirik ijtimoiy tarmoqqa aylangandi. Ilova App Store va Google Play`dan olib tashlandi va foydalanuvchilar avval yuklab olingan versiyalarga kirish imkoniyatini yo‘qotdi.

Biroq, bir necha soat o‘tgach, TikTok o‘z faoliyatini tikladi. Platformaga kirishda foydalanuvchilar uchun “Prezident Trampning sa’y-harakatlari tufayli TikTok AQShga qaytdi!” degan xabar paydo bo‘ldi.

tiktok, ақш, трамп

2024-yil aprel oyida AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Jo Bayden Xitoyning ByteDance kompaniyasiga TikTok`ni amerikalik xaridorlarga sotish yoki faoliyatini to‘xtatish majburiyatini yuklovchi qonun qabul qilgandi.

Kompaniyaga talablarni bajarish uchun to‘qqiz oy — 2025-yil 19-yanvargacha vaqt berilgandi. Qonun amerikalik foydalanuvchilar ma’lumotlarining Xitoy hukumatiga yetkazilishi xavfi bilan izohlangan.

20-yanvar kuni lavozimga kirishayotgan prezident Donald Tramp ByteDance`ga xaridor topish uchun vaqt berishi, o‘z farmoni bilan qonunning amal qilishini to‘xtatishini bildirdi.

“Men qonun to‘liq kuchga kirgunga qadar muddatni uzaytiradigan farmonni imzolayman. Shunday qilib, biz TikTok`ni ishonchli qo‘llarda saqlab qolamiz va ishlashda davom etishiga imkon beramiz”, — deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social sahifasida.

“Men Qo‘shma Shtatlarning qo‘shma korxonada 50% ulushga ega bo‘lishini istardim… AQSh roziligisiz TikTok mavjud bo‘lmaydi. Bizning roziligimiz bilan u yuzlab milliard dollarga, ehtimol, trillion dollarga tushadi”, — deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Bloklanishdan bir necha kun oldin platformaning Ilon Maskka sotilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi, deya eslatadi Spot. Shuningdek, bloger MrBeast ham xaridga qiziqish bildirgan.