O‘zbekiston BBC Travel global media portali tomonidan taqdim qilingan 2025-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi 25 ta manzil ro‘yxatiga kiritildi.

Qayd etilishicha, ushbu manzillar BMTning Jahon turizm tashkiloti, Sustainable Travel International, Black Travel Alliance va Jahon sayohat va turizm kengashi kabi yetakchi sayohat tashkilotlari bilan hamkorlikda tuzilgan.

Ro‘yxatga AQSh, Kanada, Yaponiya, Italiya, Avstraliya, Marokash, Angliya va boshqa davlatlar kiritilgan. Xususan, O‘zbekiston 16-o‘rindan joy olgan.

bbc travel, sayohat, turizm

“Mamlakat o‘zining noyob an’analari va madaniyatini asrab qolishga intilar ekan, iqtisodiyotini rivojlantirish, yoshlarni mamlakatda ushlab qolish va ko‘proq sayyohlarni jalb qilish maqsadida yangi mehmonxonalar, poyezd yo‘nalishlari, ichki reyslar va madaniy obyektlarga investitsiya kiritmoqda”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda 2025-yilning sentabrida birinchi yirik xalqaro biyennalesi — Buxoro zamonaviy dizayn va hunarmandchilik biyennalesi bo‘lib o‘tadi. Portal mamlakatdagi boshqa yirik madaniy yangilanishlar qatoriga butun dunyoga mashhur arxitektor Tadao Ando tomonidan loyihalashtirilgan Davlat san’at muzeyi yangi binosining qurilishi hamda Romanovlar saroyining rekonstruksiyasini ham kiritgan.

2024-yil may holatiga ko‘ra, 90 dan ortiq mamlakat (jumladan, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya) fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishi mumkin.

“Prezident mamlakatning yashil iqtisodiyotga sodiqligini turizm bilan uyg‘unlashtirish uchun Global yashil turizm startap laboratoriyasini yaratish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Qo‘shni mamlakatlar bilan chegaradan o‘tish ham ancha osonlashdi”, — deyiladi BBC Travel hisobotida.

Portalda, shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida “Ipak yo‘li” temiryo‘l sayohati turi yo‘lga qo‘yilgani qayd etilgan.