20-yanvar kuni Donald Tramp AQShning 47-prezidenti lavozimida ish boshladi. Birinchi bo‘lib uning vitse-prezidenti Jey Di Vens, keyin esa Trampning o‘zi qasamyod qildi. Marosim jonli efirda namoyish etildi.
Sovuq ob-havo sharoiti tufayli inauguratsiya odatdagidek Kapitoliy zinalarida emas, balki rotondada bo‘lib o‘tdi.
Tramp va uning rafiqasi Melaniya qasamyod qilishdan oldin Oq uyni tark etayotgan Jo Baydenning oilasi bilan choyxo‘rlik qildi — bu prezidentlar almashinuvidagi an’anaviy tadbir sanaladi (ammo Trampning o‘zi Bayden 2021-yilda lavozimga kirishganida uning inauguratsiyasini o‘tkazib yuborgan va choyxo‘rlik tashkil etilmagan).
Meksika chegarasida favqulodda holat e’lon qilinadi, Tramp buni o‘zining birinchi farmoni bilan amalga oshirishga va’da berdi. Shu payt zal o‘rnidan turib qarsak chaldi. “Biz millionlab jinoyatchi xorijliklarni kelgan joylariga qaytarish jarayonini boshlaymiz”, — dedi u. Chegaraga qo‘shin yuboriladi.
AQShda 2024-yilgi prezidentlik saylovlari natijalari 6-noyabr kuni e’lon qilingandi. Ulardan respublikachi Donald Tramp amaldagi prezident Jo Baydenning saylovdan ketish haqidagi qaroridan so‘ng Demokratik partiyadan nomzod etib ko‘rsatilgan raqibi Kamala Harrisni ortda qoldirib, g‘alaba qozondi. Tramp ikkinchi marta Oq uy rahbari bo‘ldi — uning prezident sifatidagi birinchi muddati 2017-yildan 2021-yilgacha davom etgan.