2024-yilda banklar hamda aholi o‘rtasidagi chet el valyutasi oldi-sotdisi bo‘yicha aylanmaning umumiy hajmi 25,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2023-yilga nisbatan 19 foizga (4 mlrd dollarga) ko‘p, deyiladi Markaziy bank sharhida.
O‘tgan yil davomida jismoniy shaxslar banklarga 16,1 mlrd dollar miqdoridagi yoki 2023-yilga nisbatan 31 foizga ko‘p (2023-yilda 12,3 mlrd dollar edi) chet el valyutasini sotgan. Shu bilan birga, banklar jismoniy shaxslarga sotgan chet el valyutasi hajmi 2023-yilga nisbatan 3 foizga o‘sib, 9,4 mlrd dollarni tashkil etgan (2023-yilda 9,1 mlrd dollar edi).
“Natijada jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan chet el valyutasi hajmi sotib olingan chet el valyutasi hajmidan 6,7 mlrd dollarga ko‘p bo‘lib, ushbu ijobiy farq o‘z navbatida ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif manbai bo‘lib xizmat qildi”, — deya qayd etgan regulyator.
Infografika: Markaziy bank
Markaziy bank, shuningdek, banklarning valyuta ayirboshlash infratuzilmasini rivojlantirish, ularning tarmog‘ini kengaytirish va uzluksiz faoliyat yuritishini ta’minlash borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib borilayotganini ta’kidlagan.
Xususan, aholi uchun valyuta ayirboshlash infratuzilmasi qamrovini kengaytirish maqsadida banklarning respublika bo‘ylab valyuta ayirboshlash shoxobchalari umumiy soni yil davomida 20 foizga oshib, 6,2 mingtaga yetkazilgan. Bunda 24/7 rejimida ishlaydigan avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash bankomatlari soni hozirda 3,4 mingdan ortiq bo‘lib, ular aholi gavjum joylar, turistik hududlar, aeroportlar, vokzallar, mehmonxonalar va savdo majmualarida joylashtirilgan.