Ushbu sharh “O‘zgidromet”ning qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan bo‘lib, u bevosita ob-havo prognozi emas.
Bu kabi sharhlar ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar, hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi. Ayrim nuqtalarda “O‘zgidromet” hali taqdim etishga ulgurmagan axborotlar xalqaro ob-havo prognozi markazlarining ma’lumotlari bilan to‘ldirilgan — bu ham prognozlarni sharhlash amaliyotida tasdiqlangan samarali usuldir.
Hafta boshida mintaqaga ketma-ket nam havo oqimlari kirib kelayotganini sun’iy yo‘ldosh tasvilarida ham ko‘rish mumkin — bu vaqtda mintaqaga Atlantika sikloni ta’sir ko‘rsatib, o‘zidan unchalik ko‘p bo‘lmagan yog‘ingarchilik ulashadi.
Ish kunlaridagi ob-havoni Atlantika sikloni hamda Arktik antitsiklonning markazi va chekkasi belgilaydi. Bu O‘zbekistonda hafta boshi namgarchilikka boy bo‘lishi, harorat asta-sekin pasayishi va payshanba-juma kunlari sovuq-quruq o‘tishidan dalolat. Dam olish kunlari esa kunduzgi haroratning sezilarli ko‘tarilishi yana iliqroq muhitni taqdim eta boshlaydi.
Hafta boshida janubiy viloyatlarda havo harorati +15 darajagacha ko‘tarilsa-da, boshqa kunlarda ham shunday bo‘ladi, deb bo‘lmaydi. Masalan, 23−24-yanvar kunlari Arktik antitsiklon chekkasining chuqur ta’siri oqibatida shimoliy hududlarda, shuningdek, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida havo harorati minimumlari tunda -10 daraja va ba’zi joylarda undan ham pastroq bo‘lishi kutilyapti. Xususan, Toshkent va Namangan viloyatining tog‘li hududlarida yanada sovuqroq muhit kuzatilishi mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, 23−24-yanvar kunlari O‘zbekiston antitsiklon janubiy chekkasi chuqur ta’sirida bo‘lib, ushbu kunlari joylarda kunduz kuni ham harorati sezilarli pasayadi. Ammo ansiklon sovug‘i respublikaning markazi va janubiy viloyatlariga ko‘p ham kuchli ta’sir ko‘rsatmaydi. Dam olish kunlari — antitsiklon mintaqadan to‘liq chekingach — janubdan kirib kelgan iliqroq oqimlar sovuqlik to‘lqinini mintaqadan “haydash” kuchiga ega bo‘ladi.
Shuni ham unutmaslik kerakki, shimoliy hudud bo‘ladimi yo janubiy — farqi yo‘q — tungi vaqtda havo harorati nol daraja atrofida, ayrim vaqtlarda undan ham pastroq bo‘lishi kutilmoqda.
Hafta o‘rtalaridan sovuqlik to‘lqinlarining mintaqaga kirib kelishi magistral gaz quvurlarida gaz bosimini sezilarli pasayib ketishiga va energetik tizimga yukalama oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Payshanba va juma kunlari ayrim viloyatlarning yo‘llarida yaxmalak hodisalari yuz berishi kutilyapti. 21−22-yanvar kunlari tog‘li hududlarni kesib o‘tgan avtomobil yo‘llarida ob-havoning keskin yomonlashuvi, kuchli shamol bo‘lishi kutilmalari borligini qayd etib o‘tmoq kerak.
“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 20-yanvar kuni joylarda kunduzi iliq, kechasi sovuq harorat kuzatiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlari hududlarida yog‘ingarchilik kutiladi. Yog‘ingarchilik shimol va tog‘li hududlardan tashqari joylarga yomg‘ir ko‘rinishida yog‘adi. Havo harorati kunduzi respublika bo‘ylab (hatto tog‘larda ham) +7…+12 darajagacha, janubiy viloyatlarda +15 darajagacha, tunda vodiy, shimol va tog‘larda −0…−5 daraja sovuq, boshqa hududlarda +0…+5 daraja iliq atrofida bo‘ladi. Tog‘lardan boshqa joylarda tuman hodisalari kuzatilishi mumkin.
Sinoptiklar 21−23-yanvar kunlari O‘zbekistonda beqaror ob-havo kuzatilishi, kuchli shamollar, yomg‘ir-qor, haroratning kundan kunga pasayib borishini ma’lum qilgan. 21-yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida, 21−22-yanvarda Buxoro va Navoiy hamda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida, 21 dan 23-yanvarga qadar esa vodiy, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari hamda tog‘larda har kuni vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir-qor) kutilishi keltirilgan. Boshqa kunlari hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Ushbu kunlari joylarda havo haroratining o‘zgarishi viloyatlar kesimi bo‘yicha juda katta tafovutlarga ega. Masalan, shimolda 22−23-yanvarda tunlari harorat -10 darajagacha pasaysa, boshqa viloyatlarda 23-yanvarga kelibgina tungi haroratning -7 darajagacha pasayib ketishi e’lon qilingan. Vodiy viloyatlari uchun esa mazkur uch kunlikda tunda harorat deyarli bir xil qiymat, ya’ni −0…−5 darajagacha pasayishi keltirilgan.
Kunduzgi harorat kutilmalari esa yanada boshqacha manzara aks ettirgan. Janubda kunduzi deyarli har kuni harorat maksimumi +10 darajagacha o‘zgarsa, Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Jizzax va vodiy viloyatlarida 21-yanvarda +10 darajagacha iliq, 22-yanvarda nol daraja atrofidagi muhit, 23-yanvarda +5 darajagacha, shimolda 21-yanvardan tashqari kunduzi nol daraja va undan ancha past harorat prognoz qilingan.
21-yanvar kuni nam sovuq havo oqimlarining frontoldi qismlari respublikaning deyarli barcha viloyatlarida soniyasiga 23 metrgacha tezlikda kuchli shamollarni keltirib chiqarishi mumkin. 22-yanvarda kuchli shamol esishlari vodiy va tog‘larda saqlanib qoladi. Ushbu kunlari joylarga qish fasli uchun xos tuman hodisalari va ba’zi hududlarda “bulduruq” hodisalari ham kuzatilishi mumkin.
Juma, shanba va yakshanba kunlari respublika bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi. Juma kuni Qozog‘iston markazidan o‘tishi kutilayotgan va markazida atmosfera bosimi 1060 gPa gacha pasayuvchi antitsiklon chekkasining chuqur ta’siri O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegaradosh viloyatlarida tunda haroratning sezilarli pasayishiga sabab bo‘ladi. Dam olish kunlari esa respublika bo‘ylab aholi haroratning asta-sekin ko‘tarilib borishini tanasida his qila boshlaydi.
Shanba va yakshanba kunlari harorat o‘zgarishi va yog‘ingarchiliklar ehtimoli to‘g‘risidagi so‘nggi ma’lumotlarini “O‘zgidromet”ning har kuni yangilanadigan qisqa muddatli ob-havo prognozlari orqali aniqroq bilib olish mumkin.
“O‘zgidromet”ning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, hafta (20−26-yanvar kunlari) davomida O‘zbekistonning ko‘plab joylarida shu davrga xos iqlimiy me’yor va ayrim hududlarida me’yordan kamroq yog‘ingarchilik tushishi va harorat rejimi bo‘yicha shimolda me’yordan biroz yuqori, boshqa hududlarda me’yoriy, Toshkent va vodiy viloyatlarida me’yordan past, ya’ni “sovuq” bo‘lishi keltirilgan.
Shunday qilib, hafta davomida me’yoriy harorat kuzatilishi, aholi zich istiqomat qiluvchi vodiy va Toshkent viloyatlarida sovuq va yog‘ingarchilik bo‘yicha me’yoriy, faqat Surxondaryo, Xorazm va Buxoro viloyatlarida quruqroq bo‘lishi oydinlashmoqda.
Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri
Seshanba-juma kunlari kishilar atmosfera bosimining keskin o‘zgarishlari ta’siriga tushadi. Xususan, 21-yanvar kuni hududlarda kuchli shamollar esishidan oldin joylarda barik tubsizlik hodisasi kuzatilishi, aholining aksar qismida bosh og‘rig‘i, fotofobiya, qon bosimining ko‘tarilishi yoki pasayishi, havo yetishmasligi, umumiy lanjlikni keltirib chiqarishi mumkin.
Barik tubsizlik hodisasining organizmga ta’sirini kamaytirishdagi tavsiyalar. Barik tubsizlik holatida oqilona ish va dam olish rejimiga rioya qilish, stressli va ortiqcha jismoniy faoliyatdan tiyilish, uyqu rejimiga rioya qilish tavsiya etiladi. Qahva, choy va shakarli ichimliklardan ko‘ra toza gazsiz suv, umuman, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish muhim.
23−24-yanvarda esa respublikaning katta qismida atmosfera bosmining 1045−1050 gPa gacha ko‘tarilishi kishilar aynan antitsiklon ta’siridan aziyat chekishi mumkinligini anglatadi.
Antitsiklonal muhitni organizmga ta’sirini kamaytirishdagi tavsiyalar. Antitsiklon ta’sirlarga moyil kishilar tongda tetiklashtiruvchi yengil dush qabul qilishi, yengil gimnastika mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi va ovqatlanish ratsioniga kaliy moddasiga boy mevalarni qo‘shishi tavsiya etiladi. Immun va asab tizimini zo‘riqtirmaslik maqsadida kundalik ish tartibini ham ma’lum muddat biroz o‘zgartirish lozim. Iloji bo‘lsa, ko‘proq dam olgan ma’qul.
Bioiqlimiy sharoitlar
Payshanba va juma kunlari tunda aholi havo haroratining keskin pasayib ketishi bilan bog‘liq haqiqiy qish nafasini his qiladi. Bunday kunda qalin kiyim, hatto ayrim viloyatlarda qo‘lqop kiyib olishli havo muhiti kuzatiladi.
Dushanba kuni esa joylarda harorat go‘yoki bahoriy iliqlilik kabi o‘tib, kamiga yomg‘ir kuzatiladi. Payshanbaga qadar ko‘plab viloyatlardagi yog‘ingarchilik kutilmalaridan kelib chiqib, kishilar ishga yoki ko‘cha yumushlariga, safarga otlanganda o‘zlari bilan soyabon olib yurishlari tavsiya etiladi.
Kunduzgi iliqlilik (ba’zi viloyatlarda chorshanba va payshanbadan tashqari) muhiti kishilarni u darajada qalin (sharf-qalpoqlar nazarda tutilyapti) kiyinishga undamaydi, ammo kechki, tungi va tongi muddatlar uchun bunday deb bo‘lmaydi. Haftaning ikkinchi yarmidan kechalari qalin kiyimda yurish kerak bo‘ladi.
Ekstremal sovuqlikni o‘zida his qiluvchilar payshanba-juma tungi muddatlarida Toshkent va Namangan viloyati baland tog‘ kurort dam olish maskanlariga sayohat uyushtirishi mumkin. Chunki shu kunlari tog‘da antitsiklon ta’sirida harorat tunda -15 daraja va undan pasayishi kutiladi.
Kosmik ta’sirlar
O‘zbekistonliklar hafta davomida kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlaridan ta’sirlanmaydi. Ko‘plab prognoz modellari Quyosh fotosferasida so‘nggi ikki kunlikda chaqnashlar bilan bog‘liq juda ham sokinlikni ko‘rsatmoqda. Yer magnitosferasida ham kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bo‘lmasligini taxmin qilingan.
Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham aholi ish kunlarida salomatlikka umuman xavf tug‘dirmaydigan “yashil” darajadagi, ya’ni xavfsiz qo‘zg‘alishlar bilan ro‘baro‘ kelishi qayd etilgan.
Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiq.
Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi
Hafta boshlarida yirik shaharlarda havoning tabiiy ifloslanishi bilan bog‘liq vaziyat u qadar yuqori emas. 21-yanvar kuni cho‘l va ba’zi hududlarda kutilayotgan kuchli shamol hodisalari havoda mayda zarrachalar ortishiga qulay sharoit yaratishi mumkin.
Payshanba va juma kunlari esa antitsiklon chekkasi ta’sirida quyosh botishi va chiqishidan keyingi muddatlarda respublikada havo ifloslanishi biroz ortishi kutiladi. Bu kunlarda poytaxt havosi ifloslanishi darajasida ham ijobiy bo‘lmagan vaziyat kuzatilishi mumkin.
Havoda mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.
Shunday qilib, 20-yanvardan 26-yanvargacha bo‘lgan yetti kunlikda ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar dushanba, shanba va yakshanba bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini nisbatan yengilroq his qilishi kutilyapti.