Samarqand viloyatida fuqarolar noqonuniy ravishda baliq ovlab, tabiatga 487 million so‘mlik zarar yetkazdi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, Jizzax viloyati Arnasoy tumanida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini nazorat qilish bo‘limi tomonidan noqonuniy baliq ovlash holatlarini aniqlash va oldini olish maqsadida nazorat reyd tadbirlari o‘tkazilgan.

Unda Samarqand viloyati Narpay tumanida yashovchi S.M. va S.S. noqonuniy baliq ovlagani uchun ushlandi.

Tekshiruv davomida qoidabuzarlar yonida 145 kilogrammga yaqin baliq va baliq ovlash vositalari borligi aniqlandi. Hodisa oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 487 million so‘mni tashkil qilgani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan sud organlariga taqdim etish va qonuniy choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar tayyorlandi.