20-yanvar kuni Donald Tramp AQShning 47-prezidenti lavozimini rasman egalladi. “Gazeta.uz” uning inauguratsiya nutqini ba’zi qisqartirishlar bilan keltiradi.
Oq uy veb saytining yangilangan bosh sahifasida Trampning surati va “Amerika qaytmoqda” yozuvi, shuningdek, bayonot paydo bo‘ldi: “Men har kuni tanamdagi har bir nafas bilan siz uchun kurashaman. Toki farzandlarimiz va siz munosib bo‘lgan kuchli, xavfsiz va farovon Amerika qurmagunimizcha tinchlanmayman. Bu haqiqatan ham Amerikaning oltin asri bo‘ladi”. Yangiliklar bo‘limining yagona sahifasida prezidentning ikkinchi muddatidagi ustuvor maqsadlari bandma-band sanab o‘tilgan.
“Amerikaning oltin davri”
Amerikaning oltin asri hozirning o‘zidayoq boshlanadi. Shu kundan boshlab yurtimiz yana gullab-yashnaydi va butun dunyoda hurmat-e’tibor qozonadi. Biz barcha mamlakatlar uchun hasad (yoxud havas) manbai bo‘lib qolamiz va bundan buyon bizdan foydalanishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Tramp ma’muriyatining har bir kuni davomida men Amerikani birinchi o‘ringa qo‘yaman.
Suverenitetimiz qaytariladi. Xavfsizligimiz tiklanadi. Odil sudlov tarozisi qayta muvozanatlashtiriladi. Adliya vazirligi va hukumatimizdan buzuqlik, shafqatsizlik va adolatsizlik bilan qurol sifatida foydalanish to‘xtatiladi. Va bizning prioritetdagi vazifamiz — mag‘rur, farovon va ozod millatni barpo etish bo‘ladi.
Tez orada Amerika har qachongidan ham buyuk, qudratli va alohida bo‘ladi. Men prezidentlikka ishonch va optimizm bilan qaytaman, biz hayratlanarli, milliy muvaffaqiyat davrining boshida turibmiz, o‘zgarishlar to‘lqini mamlakatni qamrab olmoqda, quyosh nuri butun dunyoga yog‘ilmoqda va Amerikaning bu imkoniyatdan har qachongidan ham ko‘proq foydalanish imkoniyati bor.
“Hukumatga ishonch inqirozi”
Hukumatimiz ishonch inqiroziga duch keldi. Ko‘p yillar davomida radikal va korrupsiyalashgan tuzum fuqarolarimizdan hokimiyat va boylikni tortib oldi, shu bilan birga, jamiyatimiz ustunlari qulatilib, aftidan, butunlay tanazzulga yuz tutdi.
Endi esa hukumatimiz chet ellarda uzluksiz davom etayotgan falokatlar ketma-ketligi qarshisida qolib, bir vaqtning o‘zida o‘z uyidagi oddiy inqirozni ham hal qila olmayapti. Hukumatimiz ulug‘vor, qonunga itoatkor Amerika fuqarolarini himoya qila olgani yo‘q, lekin mamlakatimizga butun dunyodan noqonuniy ravishda kirib kelgan, qamoqxona va ruhiy kasalliklar muassasalariga taalluqli, xavfli jinoyatchilarga boshpana va himoya bermoqda.
Bizda xorijiy chegaralarni himoya qilish uchun cheksiz mablag‘lar ajratgan hukumat bor, lekin u Amerika chegaralarini yoki, eng muhimi, o‘z odamlarini himoya qilishdan bosh tortmoqda. Mamlakatimiz favqulodda vaziyatlar paytida asosiy xizmatlarni taqdim eta olmayapti, chunki yaqinda Shimoliy Karolinadagi ajib insonlar bilan shunday yomon munosabatda bo‘lindi. Ko‘p oylar oldin sodir bo‘lgan dovuldan hali ham aziyat chekayotgan boshqa shtatlar bor.
Yoki Los Anjelesni olaylik, bir necha hafta davomida fojiali tarzda yonayotgan yong‘inlarni kuzatib turibmiz, hech qanday himoyaga ishoralar yo‘q. Yong‘inlar avj olmoqda, hatto mamlakatimizning ba’zi eng boy va nufuzli kishilarining uylariga ham bu o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, ularning ba’zilari hozir shu yerda o‘tiribdi. Ularning endi uyi yo‘q. Bu qiziq, ammo bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Hech kim bunga qarshi hech narsa qilolmayapti. Va bu holat o‘zgaradi.
Sog‘liqni saqlash tizimimiz tabiiy ofatlarga bardosh bera olmayapti, shu bilan birga, unga dunyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda ko‘proq pul sarflanmoqda. Ta’lim tizimimiz esa farzandlarimizga o‘zlaridan uyalishni, ko‘p hollarda, biz jon-jahdimiz bilan ularga berishga harakat qilayotgan muhabbatimizga qaramay, o‘z mamlakatidan nafratlanishni o‘rgatyapti. Bularning barchasi bugundan boshlab va juda tez o‘zgaradi.
Mening so‘nggi saylovlarim dahshatli xiyonatni va ko‘pdan-ko‘p xiyonatlarni butunlay hamda uzil-kesil orqaga qaytarish uchun mandat berdi, bunda odamlarning e’tiqodi, boyligi, demokratiyasi va, albatta, ozodligi o‘zlariga qaytariladi.
“Xudo meni Amerikani yana buyuk qilish uchun qutqardi”
Shu paytdan boshlab Amerikaning tanazzuli tugadi. Bizning ozodligimiz va millatimizning shonli taqdiri endi inkor etilmaydi va biz Amerika hukumatining yaxlitligi, kompetentligi va sodiqliligini darhol tiklaymiz. So‘nggi sakkiz yil davomida men 250 yillik tariximizdagi har qanday prezidentdan ko‘ra ko‘proq sinov va qiyinchiliklarni boshdan kechirdim va bu yo‘lda ko‘p narsani o‘rgandim. Aytishim mumkinki, respublikamizga qaytish yo‘li oson kechmadi.
Ishimizni to‘xtatmoqchi bo‘lganlar mening ozodligimni, hatto hayotimni ham tortib olishga urinib ko‘rdi. Bundan atigi bir necha oy muqaddam Pensilvaniyadagi ajoyib maydonda qotil otgan o‘q qulog‘imni yaraladi. Ammo men o‘shanda hayotim shunchaki qutqarib qolinmaganini his qilardim va hozir bunga yanada ko‘proq aminman. Xudo Amerikani yana buyuk qilish uchun meni qutqardi. Rahmat. Sizga katta rahmat.
Shuning uchun biz har kuni amerikalik vatanparvarlar ma’muriyatimiz bilan har bir inqirozni munosib tarzda, kuch va g‘ayrat bilan qarshi olishga harakat qilamiz. Biz har qanday irq, din, rang va e’tiqoddagi fuqarolarga umid, farovonlik, xavfsizlik va tinchlikni qaytarish uchun maqsad hamda tezlik bilan harakat qilamiz. Amerika fuqarolari uchun 2025-yil 20-yanvar — Ozodlik kuni.
Umid qilamanki, bizdagi so‘nggi prezidentlik saylovi mamlakatimiz tarixidagi eng ulug‘ va eng muhim saylov sifatida esda qoladi.
Umid qilamanki, bizning so‘nggi Prezident saylovi mamlakatimiz tarixidagi eng ulug‘ va eng muhim saylov sifatida esda qoladi.
G‘alabamiz shuni ko‘rsatdiki, butun mamlakat tezda kun tartibimiz atrofida birlashmoqda va jamiyatning deyarli barcha qatlamlari: yoshlar va keksalar, erkaklar va ayollar, afro-amerikaliklar, ispan tilida so‘zlashuvchi amerikaliklar, osiyolik amerikaliklar, shahar, shahar atrofi va qishloq aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlash keskin oshdi va, eng muhimi, biz barcha — tebranuvchi yettita shtatda ishonchli g‘alabaga erishdik, shuningdek, umumiy ovoz berishda millionlarcha ko‘proq ovoz oldik.
Milliy birlik Amerikaga qaytmoqda, ishonch va g‘urur har qachongidan ham baland. Biz qilayotgan barcha ishlarda. Ma’muriyatim mukammallikka bo‘lgan kuchli intilish va tinimsiz muvaffaqiyatlardan ilhomlanadi. Biz vatanimizni unutmaymiz. Biz Konstitutsiyamizni ham, Xudoni ham unutmaymiz. Bunday qilish mumkin emas.
“Tarixiy farmonlar”
Bugun men bir qator tarixiy farmonlarni imzolayman. Bu harakatlar yordamida biz Amerikaning to‘liq tiklanishini va sog‘lom fikr inqilobini boshlaymiz. Hammasi sog‘lom fikr o‘laroq.
Birinchidan, men janubiy chegaramizda favqulodda holat e’lon qilaman. Barcha noqonuniy kirishlar zudlik bilan to‘xtatiladi va biz million-million jinoyatchi chet elliklarni kelgan joylariga qaytarish jarayonini boshlaymiz.
“Meksikada qolish” siyosatimni tiklaymiz. “Tutdik va qo‘yib yubordik” amaliyotiga chek qo‘yaman. Men mamlakatimiz tomon halokatli bostirib kirishni to‘xtatish uchun janubiy chegaraga qo‘shin yuboraman.
Biz, shuningdek, kartellarni xorijiy terroristik tashkilotlar deb tan olamiz. Va 1798-yildagi Xorijiy dushmanlar to‘g‘risidagi qonunni qo‘llab, hukumatimizga federal va davlat huquqni muhofaza qilish organlarining butun va to‘liq hokimiyatidan foydalanish, AQSh hududiga, jumladan, shaharlarimiz va ichki shaharlarimizda halokatli jinoyatchilikni keltirib chiqaruvchi barcha xorijiy to‘dalar va jinoiy tarmoqlarni yo‘q qilish uchun buyruq beraman. Bosh qo‘mondon sifatida mening mamlakatimizni tahdid va tajovuzlardan himoya qilishdan yuksakroq mas’uliyatim yo‘q va men aynan shuni qilmoqchi edim. Biz buni hech kim guvoh bo‘lmagan darajada amalga oshiramiz.
Men kabinetimning barcha a’zolariga rekord darajadagi inflyatsiyani yengish, xarajatlar va narxlarni tezda pasaytirish uchun o‘z ixtiyorlaridagi ulkan vakolatlarni safarbar qilishni buyuraman. Inflyatsion inqiroz katta va ortiqcha xarajatlar hamda energiya narxlarining oshishi bilan bog‘liq edi, shuning uchun bugun men energetika sohasida favqulodda holat e’lon qilaman.
Amerika yana ishlab chiqaruvchi mamlakatga aylanadi va bizda boshqa hech bir ishlab chiqaruvchi mamlakatda hech qachon bo‘lmaydigan narsa bor: Yer yuzidagi barcha mamlakatlar orasida eng ko‘p neft va gaz mavjud va biz bundan foydalanamiz, ular bundan foydalanmoqda. Biz narxlarni pasaytiramiz, strategik zaxiralarimizni yana eng yuqori darajagacha to‘ldiramiz va Amerika energiyasini butun dunyoga eksport qilamiz.
Biz yana boy mamlakatga aylanamiz va aynan oyog‘imiz ostidagi suyuq oltin bunga yordam beradi.
Tramp, shuningdek, Bayden davridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligining standart va og‘ir yukli transport vositalaridan chiqindi gazlarini tartibga soluvchi qoidalariga ishora qilgan bayonotda “Yashil yangi kelishuvni tugatishini” va “elektr transport mandatini bekor qilishini” aytdi, avtomobilsozlik sanoatini saqlab qolish va buyuk amerikalik avtomobilsozlarga bergan muqaddas va’dasini bajarishini ta’kidladi.
Boshqacha aytganda, siz o‘z tanlovingiz bo‘yicha avtomobil sotib olishingiz mumkin. Biz yana Amerikada avtomobillar ishlab chiqarishni bir necha yil oldin hech kim orzu qilolmagan sur’atlar bilan davom ettiramiz.
Men amerikalik ishchilar va oilalarni himoya qilish uchun savdo tizimimizni darhol qayta qurishni boshlayman. Boshqa mamlakatlarni boyitish uchun fuqarolarimizga soliq solish o‘rniga, fuqarolarimizni boyitish uchun xorijiy davlatlarga soliq va bojlar solamiz.
Shu maqsadda biz barcha tariflar, bojlar va daromadlarni yig‘ish uchun Tashqi daromadlar xizmatini tashkil etamiz. Bu xorijiy manbalardan g‘aznachiligimizga tushadigan juda katta mablag‘lar bo‘ladi. Amerika orzusi tezda qaytadi va ilgari hech qachon bo‘lmagan darajada o‘sadi.
Federal hukumatimizning ishonchi va samaradorligini tiklash uchun mening ma’muriyatim mutlaqo yangi Hukumat samaradorligi departamentini tashkil etadi.
“Qonun va so‘z erkinligining qaytishi”
So‘z erkinligini cheklash bo‘yicha ko‘p yillik noqonuniy va konstitutsiyaga xilof federal sa’y-harakatlardan so‘ng men hukumatning barcha senzuralarini zudlik bilan to‘xtatish va so‘z erkinligini Amerikaga qaytarish to‘g‘risidagi farmonni ham imzolayman. Davlatning ulkan hokimiyati endi hech qachon siyosiy muxoliflarni ta’qib qilish uchun qurol bo‘lmaydi. Men bu haqda ko‘p narsa bilaman. Biz bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Bu endi takrorlanmaydi.
Mening rahbarligimda konstitutsiyaviy huquq ustuvorligiga muvofiq adolatli, teng huquqli va xolis odil sudlovni hamda shaharlarimizda qonun va tartibni tiklaymiz.
Shu hafta men hukumatning irq va jinsni jamiyat va shaxsiy hayotning barcha jabhalariga ijtimoiy singdirishga urinish siyosatini ham tugataman. Biz teri rangiga e’tibor bermaydigan va xizmat natijalariga asoslangan jamiyatni barpo etamiz. Bugundan boshlab Qo‘shma Shtatlar hukumatining rasmiy siyosati faqat ikki jins mavjudligiga tayanadi: erkak va ayol.
Ushbu haftada men COVID`ga qarshi majburiy emlashga qarshi e’tiroz bildirgani uchun Qurolli kuchlarimizdan nohaq bo‘shatilgan barcha harbiy xizmatchilarni to‘liq maosh bilan lavozimlariga tiklayman. Va men askarlarimiz xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida radikal siyosiy nazariyalar va ijtimoiy tajribalarga duchor qilinmasliklari to‘g‘risidagi farmonni imzolayman. Qurolli kuchlarimiz o‘z diqqatini yagona vazifasiga — Amerika dushmanlarini tor-mor etishga qaratishi mumkin.
2017-yildagi kabi, biz yana dunyo ko‘rgan eng kuchli armiyani quramiz. Biz o‘z muvaffaqiyatimizni nafaqat janglardagi g‘alabalarimiz bilan, balki tugallagan urushlarimiz va, ehtimol, eng muhimi, hech qachon qatnashmaydigan urushlarimiz bilan ham o‘lchaymiz.
“Men tinchlikparvar va birlashtiruvchi bo‘lishni xohlayman”
Men eng ko‘p faxrlanadigan meros tinchlikparvar va birlashtiruvchi merosim bo‘ladi, men ana shunday bo‘lishni istayman, tinchlikparvar va birlashtiruvchi. Shuni mamnuniyat bilan ma’lum qilamanki, lavozimga kirishishimdan bir kun oldin Yaqin Sharqdagi garovga olinganlar o‘z oilalari bag‘riga qaytmoqda.
Amerika Yer yuzidagi eng buyuk, eng qudratli va eng hurmatli, butun dunyoda ilhom va hayrat uyg‘otuvchi millatning qonuniy o‘rnini qaytarib oladi.
Tez orada biz Meksika ko‘rfazining nomini Amerika ko‘rfaziga o‘zgartiramiz va buyuk prezident Uilyam Mak-Kinli nomini Mak-Kinli tog‘iga qaytarib beramiz.
Amerika kemalari juda ko‘p haq to‘laydi va ularga adolatsizlik bilan munosabatda bo‘lishadi. Bu AQSh Harbiy-dengiz kuchlariga ham tegishli. Panama kanalini Xitoy boshqarmoqda, biz esa uni Xitoyga bermagandik, Panamaga bergandik va endi uni qaytarib olamiz.
Biz birgalikda surunkali kasalliklar epidemiyasiga chek qo‘yamiz va farzandlarimizni xavfsiz, sog‘lom va kasalliklardan xoli tarzda saqlaymiz. Qo‘shma Shtatlar yana o‘zini boyligimizni oshiradigan, hududlarimizni kengaytiradigan, shaharlar quradigan, umidlarimizni oshiradigan va bayrog‘imizni yangi va go‘zal ufqlarga olib chiqadigan mamlakat deb biladi.
Biz amerikalik astronavtlarni Mars sayyorasiga yulduzli va yo‘l-yo‘l bayroqni o‘rnatish uchun yuborib, yulduzlar tomon yo‘lni davom ettiramiz.
Agar birlashsak, qo‘limizdan kelmaydigan narsaning o‘zi yo‘q, amalga oshmaydigan orzu ham yo‘q. Ko‘pchilik men uchun bunday tarixiy siyosiy qaytishni tashkil etish mumkin emas, deb o‘ylardi. Lekin bugun ko‘rib turibsizki, men shu yerdaman, Amerika xalqi o‘z so‘zini aytdi. Hozir sizning oldingizda turibman, bu esa biror narsani qilish imkonsiz, deb ishonmasligingiz kerakligining isbotidir.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz juda ko‘p aziyat chekdi, lekin biz uni yana buyuk, har qachongidan ham ulug‘roq qilamiz. Biz rahm-shafqat, jasorat va o‘ziga xoslikka to‘la millat bo‘lamiz. Bizning kuchimiz barcha urushlarni to‘xtatadi va yovuz, shafqatsiz hamda oldindan aytib bo‘lmaydigan dunyoga yangi birlik ruhini olib keladi…