O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov lavozimini tark etdi. “Gazeta.uz”ga manbasi bu ma’lumotni tasdiqladi.
Osiyo futbol konfederasiyasi (OFK) saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘FA prezidenti vazifasini vaqtinchalik tashkilotning birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov bajarib kelmoqda.
O‘FA o‘zining Telegram kanalida 22-fevral kuni assotsiatsiyaning navbatdan tashqari saylov Kongressi bo‘lib o‘tishi va ungacha tashkilot prezidenti vazifasini birinchi vitse-prezident (Ravshan Irmatov) bajarib turishi haqida xabar berdi. O‘FAning yangi rahbarini saylash jarayoni bir oydan keyin bo‘lib o‘tadi.
Abdusalom Azizov bu lavozimga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilbay Ramatov o‘rniga kelgan va 2019-yil iyul oyidan buyon assotsiatsiyani boshqarib kelayotgandi. 2021-yil sentabrida Azizov bu lavozimga qayta saylangan.
O‘tgan yilning noyabr oyida Abdusalom Azizov Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisi lavozimidan ozod etilgandi. Dekabr oyi boshida u prezidentning yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari bo‘ldi.