O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov rasman “Manchester Siti” futbolchisiga aylandi. U Angliya Premyer ligasida o‘ynaydigan ilk o‘zbekistonlik futbolchi bo‘ladi.

20 yoshli himoyachi ingliz klubi bilan 2029-yilga qadar shartnoma imzoladi. Fransiyaning “Lans” klubi uning transferidan bonuslar bilan birgalikda 40 mln yevro ishlab oladi.

“Gazeta.uz” futbolchining agenti, Football Group futbol agentligi asoschisi G‘ayrat Xasbiullin bilan “Manchester Siti"ni tanlash, “Lans"dan ketishning sabablari va muzokaralar jarayoni haqida suhbatlashdi.

“Manchester Siti” tanlovi haqida

Agentning so‘zlariga ko‘ra, OAVda nomlari tilga olingan barcha klublar futbolchiga haqiqatdan ham qiziqish bildirgan. Birgina Angliya Premyer ligasining o‘zidan o‘zbekistonlik himoyachiga 12 ta klub qiziqish bildirgan. Bundan tashqari, Husanovga Germaniya, Italiya va Ispaniya chempionatlaridan ham takliflar bo‘lgan.

“Abduqodir va uning dadasi shunday qarorga kelgani tufayli „Manchester Siti“ tanlandi. Ular Pep Gvardiola boshchiligida futbolchi yanada yaxshiroq va tezroq o‘sishi mumkinligi tufayli bu qarorga kelishdi. Ya’ni, biz dunyoning eng yaxshi murabbiyini tanladik. Agar futbolchimiz dunyoning eng zo‘r murabbiyi qo‘l ostida bo‘lsa, u tezroq rivojlanib, yanada yuqori cho‘qqilarni zabt eta oladi. Tanlov ana shu tamoyil asosida amalga oshirildi”, — deydi u.

Husanovning transferga munosabati haqida

G‘ayrat Xasbiullin Husanovning “xotirjam xarakterini” qayd etib, u “o‘zi turgan joyga juda bog‘lanib qolishini” aytdi.

“Va, katta ehtimol, bunda “Lans”, Fransiya, muxlislar va “Lans” murabbiylar shtabining ulkan xizmati bor, shuning uchun ham futbolchi Fransiya va “Lans"ni juda yaxshi ko‘rib qoldi. Unga “Lans"dagi ertak boshlanishi bilanoq ketadigan vaqti bo‘lgani haqida qaror qabul qilish qiyin bo‘ldi. Ehtimol, u klubda yana bir muddat bajonidil o‘ynagan bo‘lardi”, — dedi u.

Abduqodir Husanov hozirgi vaqtda moliyaviy ahvolini o‘nglashi kerak bo‘lgan “Lans” futbol klubining ra’yiga qarshi bormadi.

“Biz [klubga] yordam berishga va “Manchester Siti"ga ko‘chib o‘tishga qaror qildik, chunki ularning “Lans"ga bergan taklifi Fransiyada bu qishki transfer oynasida futbolchini sotish bo‘yicha eng yirik bitim hisoblanadi. Biz “Lans"dan juda minnatdormiz, Abduqodirga bu jamoani hozir tark etish juda qiyin bo‘ldi. Lekin ishonchim komilki, u bu yerda ham yangi jamoaga juda tez moslashib ketadi. Xarakterining kuchi bilan u jamoadoshlarining hurmati va do‘stligiga loyiq chiqadi. O‘ylaymanki, u bu borada hech qanday muammoga duch kelmaydi, chunki u o‘ynagan barcha jamoalarida futbolchi haqida hamma doim yaxshi gaplar aytgan va hamma uni juda yaxshi ko‘rardi”, — deya ta’kidladi agent.

Maydondagi pozitsiyasi haqida

Futbol mutaxassislari Husanovning “Manchester Siti” sxemasiga moslashib ketishi bo‘yicha o‘z xavotirlarini bildirishdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Lans"da Abduqodir uchta himoyachilik (3−4−2−1 yoki 5−4−1) cxemada o‘ynagan bo‘lsa, “Manchester Siti"da bosh murabbiy Pep Gvardiola ikkita markaziy himoyachi (4−2−3−1, 4−1−4−1) bilan o‘ynashni afzal ko‘radi.

“Abduqodir dunyoning eng yaxshi murabbiyi qo‘l ostiga va eng yaxshi klubi tarkibiga kelib qo‘shildi. Agar bosh murabbiy uni jamoaga taklif qilgan bo‘lsa, demak, u o‘z sxemasida uning o‘rnini ko‘rmoqda va Husanov qayerda bo‘lishi yaxshiroq ekanini ham ko‘rmoqda. Menimcha, futbol nuqtai nazaridan Pep Gvardiola Husanov qayerda va qaysi pozitsiyada o‘ynashi kerakligini mendan ancha yaxshiroq tushunadi. Men bu savolni murabbiyga qoldiraman”, — deya ta’kidladi agent.

“Manchester Siti” bilan muzokaralar haqida

Ulug‘bek Asanbayev, Abduqodir Husanov va G‘ayrat Xasbiullin.Ulug‘bek Asanbayev, Abduqodir Husanov va G‘ayrat Xasbiullin.

Muzokaralarda G‘ayrat Xasbiullindan tashqari Abduqodir Husanovning o‘zi, uning otasi — O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Hikmat Hoshimov va Qozog‘iston terma jamoasining sobiq futbolchisi, hozirda esa qozoq-o‘zbek futbol funksioneri hisoblanuvchi Ulug‘bek Asanbayev ishtirok etdi.

“Lans” tomonida muzokaralarga mashhur futbol agenti Jorje Mendesh, “Manchester Siti” tomonidan esa klubning sport direktori Chiki Begiristayn kirishdi.

Jorje Mendesh (o‘ngda).Jorje Mendesh (o‘ngda).

G‘ayrat Xasbiullin “Manchester Siti” rahbariyatini juda professional deb atadi. Uning aytishicha, u ingliz klubining sport direktori Chiki Begiristayn bilan deyarli bir oy davomida aloqada bo‘lgan.

“Men u futbolchini qanchalik yoqtirib qolganini ko‘rdim. U futbolchi ularning tarkibiga qo‘shilishini juda xohlardi. Juda professional jamoa. Men ishdan, barchasining qanday tashkil qilinganidan kelib chiqib shunday deya olaman. Biz eng yaxshi klubga keldik. Men bu yerda ular o‘z atrofiga eng yaxshi odamlarni to‘playapti deb o‘ylayman. Ya’ni, har bir lavozimda — shifokordan tortib matbuot xizmatigacha dunyodagi eng zo‘r insonlar ishlaydi”, — dedi u.

G‘ayrat Xasbiullinning “Manchester Siti” matbuot xizmati rahbariga tayanib ma’lum qilishicha, birgina mediamarkazda 70 ga yaqin odam ishlaydi, ular orasida fotograflar va operatorlar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarni yuritish uchun mas’ul insonlar ham bor.

“Agar klub media jamoasining o‘zi 70 kishidan iborat bo‘lsa, demak klubning boshqa masalalarda professionalligiga shubha yo‘q”, — deya ta’kidladi agent.

Yangi mamlakatga moslashish

Bugun Husanov manfaatlarini himoya qiluvchi Football Group futbol agentligi hamda “Manchester Siti” vakillari futbolchi uchun uy-joy izlash, turli davlat idoralarida ro‘yxatdan o‘tish, hisob raqamlarini ochish va boshqa masalalar bilan shug‘ullanmoqda.

“Bu bilan alohida jamoa shug‘ullanadi. Futbolchi mashg‘ulot jarayonidan umuman chalg‘imaydi. Ya’ni, bularning barchasi klub xodimlari va agentligimiz xodimlari tomonidan bajariladigan ishlardir. Ya’ni, bizning klub bilan umumiy ish jarayonimiz hisoblanadi”, — dedi Xasbiullin.

Futbolchi agentining ma’lum qilishicha, “Manchester Siti” allaqachon Husanovni Premyer ligada ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tkazgan. Ya’ni murabbiy tanloviga qarab u 25-yanvardagi “Chelsi"ga qarshi o‘yindayoq o‘zining debyut uchrashuvini o‘tkazishi mumkin.

Minnatdorchilik

Xasbiullin Abduqodir Husanovni “Manchester Siti"gacha bo‘lgan yo‘lda qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

“Birinchi navbatda, uning otasi va oilasi. Ikkinchi inson esa u uchun nafaqat sportda ko‘p ish qilgan, balki uning bosh maslahatchisi bo‘lgan va kamol topishi uchun katta mablag‘ hamda bilim sarflagan Ulug‘bek Asanbayev bo‘lsa kerak. U Husanovga Belorusga kelish bosqichidayoq futbolchi sifatida ishongan. Uchinchidan, „Energetik“ murabbiylar shtabiga: Anatoliy Ivanovich Yurevich va Vladimir Ivanovich Belyavskiyga rahmat aytaman. Bular Belarusda Abduqodir uchun ko‘p narsa bergan insonlar”, — dedi u.

Hikmat Hoshimov o‘g‘li Abduqodir Husanov bilan Parijda.Hikmat Hoshimov o‘g‘li Abduqodir Husanov bilan Parijda.

“„Lans“ futbol klubiga, xususan, futbolchi bilan ishlagan murabbiylar shtabiga ham katta rahmat. Bular klubning sobiq bosh murabbiyi Frank Ez, shuningdek, o‘sha paytda klub sport direktori bo‘lgan Gregori Til hisoblanadi. Bu odamlar o‘z vaqtida Abduqodirga ishondi va uning shu darajaga yetishi uchun barchasini qilishdi. Fransuz xalqiga va Abduqodirni Fransiyadagi butun sayohati davomida aqldan ozadigan darajada qo‘llab-quvvatlagan „Lans“ muxlislariga rahmat”, — dedi agent.

G‘ayrat Xasbiullin O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining roli, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgani va milliy terma jamoaning Jahon chempionati saralash bosqichidagi muvaffaqiyatli ishtirokini alohida qayd etib o‘tdi.

Belorusning “Energetik-BGU” jamoasidagi o‘yinlardan tortib, “Manchester Siti"ga o‘tishgacha bo‘lgan yo‘lda biz O‘zbekiston futbol assosiasiyasi prezidenti Abdusalom Azizov va butun assotsiatsiya rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashini his qilib kelyapmiz”, — dedi u.

“Terma jamoalardagi har bir xodim, xalqaro bo‘lim, matbuot xizmati va terma jamoa shifokori — ularning barchasi e’tiborga loyiq bo‘lgan ulkan ishni bajarib kelishmoqda. Gap futbol assotsiatsiyasining so‘nggi yillardagi ishlari haqida bormoqda, bularning evaziga biz Olimpiadada o‘ynayapmiz va katta ehtimol bilan Jahon chempionatiga chiqamiz. Yoshlar terma jamoamiz jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Yosh futbolchimiz esa dunyoning eng yaxshi klubiga o‘tmoqda. Ya’ni, bu umumiy g‘alaba, bu umumiy yutuq va bunga inson bir o‘zi erisha olmaydi”, — dedi agent.

Avvalroq “Gazeta.uz” tahririyati Husanov bilan 2024-yil yozida, O‘zbekiston terma jamoasining Parijdagi Olimpiadagacha bosib o‘tgan yo‘li haqidagi hujjatli filmni suratga olish vaqtida yozilgan intervyuni e’lon qilgandi.