Namangan va Samarqand viloyatlarida jami 2,1 milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.

Namangan shahrida yashovchi fuqaro Z.R. xonadonida novvoyxona tashkil etib, tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u faoliyati davomida davlat manfaatlariga 362,5 mln so‘mlik zarar yetkazgan.

Samarqand viloyatining Toyloq tumanida “S.Sh.” oilaviy korxonasiga qarashli novvoyxonada ham tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanilgani oqibatida 1,3 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingan.

Bundan tashqari, viloyatning Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqaro A.M. ham o‘z xonadonida noqonuniy issiqxona tashkil qilib, tabiiy gaz tarmog‘iga yashirincha ulangani oqibatida davlat manfaatlariga 462,7 mln so‘mlik zarar yetkazgan.

Hozirgi vaqtda mazkur holatlar bo‘yicha tegishli idoralar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.