“Sug‘urtalovchilar reytingini aniqlash va yuritish tartibi to‘g‘risida”gi nizom Adliya vazirligida 20-yanvar kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizom sug‘urtalovchi yoki qayta sug‘urtalovchilarning sug‘urta xizmatlari ko‘rsatilishi sifati bo‘yicha reytingini aniqlash va yuritish tartibini belgilaydi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mazkur sohada vakolatli davlat organidir.

Reyting agentlikning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida shakllantiriladi va rasmiy veb-saytida har oyning 10 sanasida yangilangan holda e’lon qilib boriladi.

Sug‘urtalovchi quyidagi ko‘rsatkichlar asosida davriylikda baholanadi:

  • umumiy ko‘rsatkichlar;
  • ballarni kamaytiruvchi ko‘rsatkichlar;
  • qo‘shimcha ball beruvchi ko‘rsatkichlar.

Baholash ko‘rsatkichlari va unga berilgan ballar to‘g‘risidagi ma’lumotlar sug‘urtalovchining Yagona tizimdagi shaxsiy kabinetida real vaqt rejimida aks ettiriladi. Baholash ko‘rsatkichlari o‘zgargan taqdirda, sug‘urtalovchining shaxsiy kabinetidagi ma’lumotlar yangilanadi.

Baholash ko‘rsatkichlarini shakllantirish uchun vakolatli davlat organi zarur bo‘lgan ma’lumotlarni sug‘urtalovchilardan olish vakolatiga ega. Zarur ma’lumotlar taqdim etilmaganda, sug‘urtalovchining tegishli ko‘rsatkichlari baholanmaydi.

Reyting ma’lumotlari bo‘yicha sug‘urtalovchining e’tirozlari mavjud bo‘lganda, o‘z shaxsiy kabineti orqali vakolatli davlat organiga murojaat qiladi.

Sug‘urtalovchi tomonidan baholash ko‘rsatkichi yuzasidan bildirilgan e’tirozlar taqdim etilgan kundan boshlab vakolatli davlat organi tomonidan besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Bunda:

  • e’tirozlar asosli deb topilganda, ma’lumotlar bazasiga tegishli tuzatishlar kiritilgan holda baholash ko‘rsatkichi qayta shakllantiriladi;
  • e’tirozlar asossiz deb topilganda, baholash ko‘rsatkichlari o‘zgarishsiz qoldirilib, bu haqda tegishli tushuntirish sug‘urtalovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

Nizomda belgilangan masalalar bo‘yicha nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal qilinadi. Reyting hayot va umumiy yo‘nalishda faoliyat yuritadigan sug‘urtalovchilar bo‘yicha alohida hisoblanadi va yuritiladi. Mazkur nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.