Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Milliy gvardiya faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari Sarvar Mamayusupov “Yangi O‘zbekistondagi strategik islohotlar” doirasida 2017-yil 4-avgustda Milliy gvardiya tashkil etilganini eslatib o‘tdi.
2020-yil 18-noyabrda “Milliy gvardiya to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinib, uning maqomi belgilandi. Bugungi kungacha Milliy gvardiya organlari faoliyatiga doir 17 ta qonun, 50 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilinib, unga bir qator yangi vazifa va funksiyalar yuklatilgan.
Yangi qonun loyihasi bilan qonunning 3-moddasida Milliy gvardiya organlarining vazifalari tizimlashtirildi. Yana bir yangi majburiyat kiritilmoqda.
Amaldagi qonunchilikda Milliy gvardiya xodimi xizmat vazifasini bajarayotganda, fuqaroga murojaat qilganda yoki fuqaro unga murojaat qilganda o‘zini tanishtirishi shart bo‘lgan tartib belgilanmagan edi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablaridan kelib chiqib, “Milliy gvardiya to‘g‘risida"gi qonunning “Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish prinsipi” deb nomlangan 6-moddasi Milliy gvardiya organi harbiy xizmatchisining (xodimining) fuqaroga murojaat qilganda o‘zini tanishtirishi, shuningdek, uning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi shartligi to‘g‘risidagi norma bilan to‘ldirilmoqda.
Sarvar Mamayusupovning aytishicha, qonun loyihasi prezident Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat xavfsizlik xizmati, Oliy sud, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan.
Deputat Ruslan Sobirov Milliy gvardiya vazifalaridan jinoyat ishi qo‘zg‘atish bandi chiqarib tashlanishiga e’tibor qaratdi.
Milliy gvardiya huquqshunosi Ochilov javob berib, jinoyat ishini qo‘zg‘atish bo‘yicha protsessual vakolatlar Jinoyat-protsessual kodeksida aniq mansabdor shaxslarga berilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “bu kelgusida qonunchilikka xalaqit bermaydi va takrorlashning hojati yo‘q”.
“Bu tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish, surishtiruv o‘tkazish doirasida bajariladigan ish. Masalan, jinoyat ishini qo‘zg‘atish bilan birga jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish yoki ishni boshqa organga o‘tkazish funksiyalari ham bajariladi. Bu asosiy vazifa emas va bu protsessual qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan”, — dedi u.
Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda bir ovozdan qabul qildi: 135 kishi “yoqladi”, hech kim betaraf qolmadi va qarshi ovoz bermadi. Endi hujjat Qonunchilik palatasi qo‘mitasida ko‘rib chiqiladi va keyinchalik ikkinchi o‘qishda muhokama qilinadi.
2023-yil may oyida prezident Milliy gvardiya xodimlarining vakolatlarini kengaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. Unga ko‘ra, ularga jamoat joylarida spirtli ichimliklarni iste’mol qilganlik, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlik va boshqa holatlar uchun jarima solish huquqi berilgan. Shuningdek, ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ayrim moddalariga oid bayonnomalarni rasmiylashtirish huquqiga ega bo‘lgan.