Kasbiy ko‘nikmalar markazlarida 2025-yil 1-martdan boshlab aholi bandligini ta’minlash jarayonlari onlayn nazoratga olinadi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan qarorda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, 2025-yil 1-fevraldan ish beruvchilar buyurtmasi va tijorat banklari mijozlari ehtiyoji asosida ishsiz aholini, shu jumladan, kambag‘al oilalar a’zolarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga manzilli o‘qitish tizimi joriy etiladi.
2025-yil 1-martdan aholini kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash jarayonlarini raqamli nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 2025-yil 1-apreldan 12 ta yangi kasb yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, 1-iyuldan “Ekofaol fuqaro” platformasiga o‘zi ekkan daraxti to‘g‘risida ma’lumotlar kiritgan kambag‘al oilalar a’zolariga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan har 100 ta daraxt uchun BHMning 1 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.
2025−2026-yillarda Namangan, Toshkent, Xorazm va boshqa viloyatlarda parrandachilik sohasida kooperatsiya tizimida zamonaviy so‘yish korxonalari (kushxonalar) va muzlatkichli omborxonalar, mahsulotlar va chiqindilarni qayta ishlash, naslli jo‘jalar yetishtirish va parranda mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini o‘z ichiga olgan tayyor biznes loyihalari amalga oshiriladi.
2025-yil 1-apreldan 2028-yil 1-yanvarga qadar yangi tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi va dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash kooperativlari uchun ijtimoiy soliq hamda ularga ishga qabul qilingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilanadi.
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun BHMning 10 baravarigacha miqdorda subsidiyalar ajratiladi. Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kolleji negizida 2025-yil 1-dekabrgacha kreativ sohalar klasteri tashkil qilinadi.