Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 21-yanvar kungi majlisida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar birinchi o‘qishda qabul qilindi, deb xabar berdi parlament quyi palatasi matbuot xizmati.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyevning ma’lum qilishicha, 2024-yilda iste’molchilardan 30 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 35 foizi savdo sohasiga taalluqli.
4000 dan ortiq murojaat sotuvchilar tomonidan tovarlarning o‘z vaqtida yetkazib berilmagani bilan bog‘liq. Ular orasida turli xil maishiy texnika, tayyor ovqat, mebel va boshqalar bor. 1500 nafar ariza beruvchi raqamli platformalar orqali tovar xarid qilishdagi muammolardan shikoyat qilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, sotuvchilar tovarni shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda iste’molchiga yetkazib bermagan taqdirda, har bir kechiktirilgan o‘lchov birligi (daqiqa, soat va kun) uchun majburiyatning bajarilmagan qismi uchun 0,5 foiz miqdorida penya to‘lashi taklif etilmoqda.
Jarima miqdori 0,5 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi. To‘lovning eng yuqori summasi o‘z vaqtida yetkazib berilmagan tovar narxining 100 foizini tashkil etishi mumkin.
Bunda penyani to‘lash shartnoma majburiyatlarini buzgan tarafni tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, to‘liq yetkazib bermaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashdan ozod etmasligi belgilanmoqda.
Agar sotuvchi tovarlarni yetkazib berish kechikishi iste’molchining aybi bilan sodir bo‘lganini isbotlasa, u penya to‘lashdan ozod qilinadi.
Qoraboyev shunga o‘xshash misol sifatida bugungi kunda “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasida nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmaganda, shuningdek, ish (xizmat)ni bajarishning boshlanishi va tugashi kechiktirilganda ijrochi iste’molchiga ish (xizmat) qiymatining yoki kechiktirilgan har bir kun yoki soat uchun buyurtma qiymatining (agar muddat soatlarda belgilangan bo‘lsa) 1 foizi miqdorida neustoyka yoki penya to‘lashi ko‘rsatilganini aytdi.
Bunda iste’molchi tomonidan undirilgan jarima summasi ishni bajarishning alohida turi narxidan yoki buyurtmaning umumiy narxidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Bir kun avval “Milliy tiklanish” fraksiyasi qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida hujjatni takomillashtirish taklifini bildirgandi. Deputat Dilnoza Azizova yangi me’yor elektr energiyasi, suv va gaz yetkazib beruvchilarga ham qo‘llanadimi, degan masalani ko‘tardi.
“Hozirgi kunlarda ayrim hududlarda elektr va gaz ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Tegishli idoralar bu haqda aholini hatto ogohlantirmayapti. Bu ham iste’molchilar huquqlarini buzish emasmi?” — deya so‘radi Azizova.
Qonun tashabbuskorlari deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tushuntirish berib, “eng dolzarb va asosli takliflar” loyihani takomillashtirish jarayonida inobatga olinishini ta’kidladi. Boshqa tafsilotlar keltirilmadi.
Hujjat birinchi o‘qishda qabul qilindi: 131 deputat yoqlab, 0 deputat qarshi, 4 deputat betaraf ovoz berdi. Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun palataga kiritilishidan oldin takomillashtiriladi.