Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qozog‘iston tomonidan kartoshka eksportiga joriy qilingan cheklovlar sababli ijtimoiy tarmoqlarda mahsulot narxi oshishi haqida tarqalgan xabarlarga izoh berdi.

18-yanvardan boshlab Qozog‘iston hukumati kartoshka eksportini olti oyga chekladi. Qaror bu mahsulotning, xususan, O‘zbekistonga eksport hajmi oshishi va narxi keskin ko‘tarilishi fonida qabul qilindi. Taqiq YeOII mamlakatlariga taalluqli emas.

Prezident huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonga 627 ming tonna kartoshka import qilingan. Bu hajmning 74,2 foizi yoki 465,2 ming tonnasi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bir yil davomida O‘zbekistonda kartoshka deyarli 40 foizga qimmatlagan. 3-yanvardan to 21-yanvargacha Toshkentdagi “Yangi Qo‘yliq” (Food City) bozorida kartoshkaning narxi minimal 3500 co‘mdan 6500 so‘mga (85 foizga), maksimal 6200 so‘mdan 8500 so‘mgacha (37 foiz) oshdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kartoshkaga yillik talab 4 million tonnani tashkil etadi. 2024-yilda mamlakatda jami 3,7 mln tonna, shundan asosiy maydonda 2,7 mln tonna va takroriy ekin sifatida 1 mln tonna kartoshka yetishtirilgan. Mazkur hosilning 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urug‘lik sifatida zaxira qilingan va tabiiy yo‘qotish 100 ming tonna (3 foiz) atrofida belgilangan.

2024−2025-yil qish va bahor mavsumi uchun mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan 245,5 ming tonna kartoshka zaxiraga jamg‘arilgan va fsp.agro.uz onlayn platformasi orqali subyektlar kesimida monitoring yo‘lga qo‘yilgan.

Zaxiraga jamg‘arilgan mahsulotni ichki iste’mol bozoriga chiqarish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har 10 kunlik tarmoq jadvali hududlar kesimida tasdiqlanib, ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yuborilgan, deyiladi xabarda.

20-yanvar holatiga mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan jami 6,3 ming tonna kartoshka ichki bozorlarga savdoga chiqarilgan, zaxira qoldig‘i 239,2 ming tonnani tashkil qiladi.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, kartoshka importi faqat Qozog‘istonga bog‘lanib qolmagan. Ayni paytda Pokiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistondan ham kartoshka import qilish yo‘lga qo‘yilgan.

O‘tgan haftada Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent bozorlaridagi vaziyatni o‘rganib chiqib, narxlar o‘sishining asosiy omili import qilinadigan kartoshka narxining oshishi ekanini aniqlagandi. Ayni paytda bozorlarda ixtisoslashtirilgan yarmarkalar tashkil etilib, kartoshka 4000 so‘mdan sotilmoqda. Bozorda uning narxi 8000 so‘mga yetadi (14−15-yanvar holatiga).

Moliyachi Otabek Bakirov kuzgi yig‘im-terim davrida kartoshka 2000 so‘mgacha arzonlashgani, biroq narxlarni barqarorlashtiradigan samarali xarid va intervensiya tizimi yo‘qligi uchun ko‘p dehqon va fermerlar kuzgi kartoshka ekmaganini ta’kidladi. Qo‘shimcha omillar qatoriga yoqilg‘i, o‘g‘it va transport narxlarining ko‘tarilishi kiradi. Tabiiyki, keskin arzonlashib ketgan kartoshkadan keyin keskin qimmatlashuvchi kartoshka mavsumi keladi", — deya qayd etdi u.