Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 21-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida jinoyat ishini yuritish chog‘ida shaxsni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi (video).
Qonun loyihasi bilan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunga tegishli qo‘shimchalar kiritish orqali, shaxsni tergov hibsxonasiga joylashtirishdan oldin uni tergov hibsxonasining o‘zida, hibsxonaga kelganidan boshlab 2 soat ichida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi belgilanmoqda.
Tibbiy ko‘rik davomida shaxsning tanasida jarohat va shikastlanishlar aniqlangan taqdirda zudlik bilan prokurorga xabar berilishi tartibi o‘rnatilmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.