Turkiyaning Bolu provinsiyasidagi Kartalkaya tog‘-chang‘i kurortida chiqqan yong‘in qurbonlari soni 66 taga yetdi, 51 kishi jarohatlangan.

Daily Sabah nashrining yozishicha, o‘t o‘chirish ishlariga mehmonxonaning tog‘li hududda joylashgani to‘sqinlik qilgan va o‘t o‘chiruvchilarning unga yetib borishi qiyin bo‘lgan. “Men odamlarning derazadan yordam so‘rab qichqirishlarini eshitdim. Arqon, yostiq va ko‘rpa olib keldik. O‘t o‘chiruvchilar yetib kelguniga qadar ikki ayol yuqori qavatdan sakrab tushgan”, — dedi jurnalistlarga qo‘shni mehmonxona xodimi Barish Salgyur.

Sog‘liqni saqlash vaziri Kemal Memishog‘lu yong‘inda jarohatlangan 51 kishidan birining reanimatsiyada davolanayotganini, 17 kishi esa shifoxonadan chiqarilganini ma’lum qildi.

Adliya vaziri Yilmaz Tunch mehmonxonadagi yong‘in bilan bog‘liq tergov doirasida 4 kishi, jumladan, biznes egasi ham qo‘lga olinganini bildirdi.

Yong‘in 21-yanvarga o‘tar kechasi 11 qavatli mehmonxonaning to‘rtinchi qavatida boshlangan. Yong‘inni o‘chirishda 200 dan ortiq qutqaruvchilar ishtirok etgan.

Bolu viloyati rahbari Abdulaziz Aydin yong‘in sababi hozircha aniqlanmaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in restoran joylashgan qavatda boshlangan. Hodisa sodir bo‘lgan paytda binoda 234 nafar mehmon bo‘lgan. Mehmonxonada qancha xodim bo‘lgani aniqlashtirilmagan.