Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-yanvar kuni “2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 2025-yil 1-fevraldan kasblarga o‘qitish maqsadida ajratiladigan stipendiyalar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, muddati 3 oydan ko‘p davom etadigan o‘quv kurslariga qabul qilingan Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning ishsiz a’zolariga to‘lanadi.

2025-yil 1-maygacha ishsiz aholini, shu jumladan, ustuvor ravishda kambag‘al oilalar a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy qilinadi. Mazkur tizim 2025-yil 1-fevraldan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida sinovdan o‘tkaziladi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov prezidentning 17-yanvar kungi yig‘ilishidan so‘ng “O‘zbekiston 24” telekanaliga intervyu bergandi. Unda vazir kambag‘al oilalar a’zolarini o‘qitish xarajatlarini qoplash bo‘yicha vaucher tizimi haqida atroflicha fikr bildirgan.

“Mavjud kasbiy ta’lim infratuzilmalarini kafolatlangan moliyalash tizimidan vaucher tizimiga o‘tadi. Ya’ni ta’lim ortidan mablag‘ olinadi tamoyili asosida ishlarni tashkil qilamiz. Kasbiy ta’lim oluvchilar ushbu vaucher bilan istalgan o‘quv yurtlariga, jumladan, davlat va xususiy ta’lim muassasalariga borib, joylashadigan bo‘lsa, moliyalashtirish tizimi aynan shu ta’lim tashkilotlariga yo‘naltiriladi. Bu orqali joriy yilda 220 ming kishini kasbiy ta’limga yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda”, — deb ta’kidlagan vazir.

Mahallalarda kambag‘al oila a’zolarining ishlash ishtiyoqini va tashabbuskorligini oshirishga qaratilgan “Farovon hayotga ilk qadam”, “Ishonch” loyihalari va “Ma’rifat orqali kambag‘allikni qisqartirish” dasturi amalga oshiriladi.

Zohidovning qo‘shimcha qilishicha, 2025-yilda kambag‘allikni qisqartirishga mo‘ljallangan dasturda sanoat sohasida ham ko‘plab vazifalar belgilangan. Xususan, joriy yilda 14 ta hududda jami 28 ta sanoat markazlari qurilishi rejalashtirilgan. Dastur doirasida parrandachilikni rivojlantirish masalasiga ham alohida ahamiyat berilgan. Joriy yilda uchta hududda yirik parrandachilik klasterlari tashkil etilishi nazarda tutilgan. Bu orqali respublika bo‘yicha 230 ta o‘rta quvvatdagi 50 ming boshli parrandachilik xo‘jaliklari qurilishi nazarda tutilgan.