Prezidentning tegishli qarori bilan Zokir Ishpulatov suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari — Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tayinlovga qadar Ishpulatov Vazirlar mahkamasining Investitsiya, eksport, savdo, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyati bosh mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori zimmasiga vazirlik tizimidagi quyi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, tasdiqlangan suv olish limitlari, grafiklari va taqsimoti asosida suv yetkazib berilishini hamda suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, nasos stansiyalari ish rejimini tartibga solish hamda elektr energiyasi iste’molini kamaytirish choralarini ko‘rish, shuningdek, tumanlar “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari xizmat ko‘rsatadigan hududda suv resurslarini boshqarish va hisobga olishda uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish kabi vazifalarni amalga oshirish yuklatilgan.