Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan pulli xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deb xabar berdi “Huquqiy axborot” Telegram kanali.
Nizom Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida shartnoma asosida pulli xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Institut quyidagi faoliyat turlari bo‘yicha pulli xizmat ko‘rsatadi:
- ️ekspertlik faoliyati;
- ilmiy-tadqiqot faoliyati;
- ️noshirlik faoliyati;
- matbaa faoliyati.
Buyurtmachi xizmat ko‘rsatishni so‘rab institutga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi lozim.
Institutga murojaat kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni ichida buyurtmachi va institut o‘rtasida ikki nusxada xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuziladi.
Xizmatlar preyskuranti (narxlari) institut tomonidan bozor kon’yunkturasidan kelib chiqqan holda tasdiqlanadi.