Shavkat Mirziyoyev 20-yanvar kuni Cyber university davlat universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deb xabar qilmoqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati.

Yangi oliygoh axborotni himoyalash, axborot va kiberxavfsizlik, raqamli texnologiyalar va raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellektga asoslangan avtomatlashtirilgan axborot-taxliliy tizimlarni yaratish, robototexnika va boshqa turdosh sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi.

Unda raqamli texnologiyalar sohasidagi mutaxassislar qayta tayyorlanadi va malakasini oshiradi. O‘quv jarayoni xorijiy tajriba va zamonaviy ta’lim texnologiyalari asosida tashkil etilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil oktabr oyida sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan edi. Unda mamlakatni mintaqaviy IT-xabga aylantirish vazifasi belgilangan.

Dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat organlarining 3000 nafar xodimi, shuningdek, hokimlar va ularning o‘rinbosarlari sun’iy intellekt sohasida malaka oshirishi rejalari muhokama qilingandi.