Turkiyaning Bolu muzofotida chiqqan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni 76 kishiga yetdi, 52 kishi jarohat olgan, deb xabar bermoqda Daily Sabah.

Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya Kartalkaya chang‘i markazidagi mehmonxonada sodir bo‘lgan yong‘inga aloqador 9 kishining qo‘lga olinganini ma’lum qildi va u falokat uchun javobgar bo‘lgan har bir kishini javobgarlikka tortishga va’da berdi. Ushlanganlar orasida biznes egasi ham bor.

Sog‘liqni saqlash vaziri Kemal Memishog‘lu jarohatlanganlarning kamida bir nafari og‘ir ahvolda ekani, 17 nafar jabrlanuvchi shifoxonadan chiqarilganini ma’lum qildi.

Prezident Erdog‘an yong‘in tufayli mamlakatda bir kunlik (22-yanvar) milliy motam e’lon qildi.

  • Yong‘in 21-yanvarga o‘tar kechasi 11 qavatli mehmonxonaning to‘rtinchi qavatida boshlangan. Yong‘inni o‘chirishda 200 dan ortiq qutqaruvchilar ishtirok etgan. Mehmonxonaning joylashuvi yong‘inlarni nazorat qilishga urinayotgan o‘t o‘chiruvchilar uchun katta qiyinchiliklar tug‘dirgan.
  • O‘zbekiston prezidenti yong‘in chiqqani va odamlar halok bo‘lgani yuzasidan mamlakat yetakchisiga ta’ziya yo‘lladi.
  • O‘zbekiston elchixonasi jabrlanganlar va halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligini ma’lum qildi.