Srechko Katanets O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, terma jamoa bosh murabbiyi sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli assotsiatsiya bilan tuzilgan shartnomani o‘zaro rozilik bilan bekor qilishga qaror qilgan.

Sloveniyalik murabbiy o‘z murojaatida hozirgi holatida vazifalarini to‘laqonli, professional tarzda bajara olmasligini afsus bilan qayd etdi. Doimiy qo‘llab-quvvatlagani va samarali hamkorlik uchun assotsiatsiyaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Terma jamoamizga Jahon chempionati saralash bahslarida omad tiladi.

Foto: O‘FA.Foto: O‘FA.

“O‘z navbatida, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Srechko Katanetsga terma jamoamiz boshqaruvidagi mehnatlarini uchun minnatdorchilik bildiradi. Salomatligini tiklab, murabbiylik faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirishini tilaydi. O‘FA hamda Srechko Katanets o‘rtasidagi shartnoma o‘zaro do‘stona munosabatlarni saqlagan holda bekor qilindi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, hozirda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoa bosh murabbiyi lavozimiga munosib nomzod tayinlash borasida ish olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, Srechko Katanets bilan shartnoma 2021-yilning avgustida tuzilgan. Uning qo‘l ostida terma jamoa 20 ta rasmiy o‘yin o‘tkazib, 13 marta g‘alaba qozongan, 5 marta durang o‘ynagan va 2 marta mag‘lubiyatga uchragan.

JCH-2028 saralashining 3-bosqichi “A” guruhida, 6 ta o‘yindan so‘ng, Eron 16 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. O‘zbekiston 13 ochko bilan ikkinchi o‘rinda, BAA esa 10 ochko bilan uchinchi o‘rinda. Qatar (7), Qirg‘iziston (3) va KXDR (2) qolgan o‘rinlarni egallab turibdi. Saralash yakunlanishigacha O‘zbekiston jamoasi quyidagi 4 ta o‘yinni o‘tkazishi kerak:

  • 20-mart: Qirg‘izistonga qarshi uyida;
  • 25-mart: Eronga qarshi mehmonda;
  • 5-iyun: BAAga qarshi mehmonda;
  • 10-iyun: Qatarga qarshi uyida.