Toshkent shahrining Sergeli va Yashnobod tumanlarida DXX va IIBB xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Jarayonda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruh faoliyati fosh etildi, deb xabar bermoqda IIV Tezkor-qidiruv departamenti.

Ma’lum qilinishicha, tezkor xodimlar tekshiruvlar davomida Sergeli tumani Xonobod ko‘chasida erkak va ayolni to‘xtatib tekshirgan va ularning yonidan 286 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan.

Tezkor tadbirlar davom ettirilib, ushlangan shaxslar mazkur dori vositalarni, Telegram`dagi narkodo‘kondan olgani ma’lum bo‘ldi va 16-yanvar kuni Yashnobod tumanida 1998 va 1999-yilda tug‘ilgan shaxslar ushlanib, yashash manzili ko‘zdan kechirilib, 857 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi.

Shuningdek, tadbir davomida ushlangan shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarni 1996-yilda tug‘ilgan shaxsga ham sotgani ma’lum bo‘ldi. U Olmos mahallasida to‘xtatilib tekshirilganda, yonida 500 dona dori vositalari borligi aniqlandi.

Tezkor-qidiruv departamenti xabarida qayd etilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida chakana narxi 131,4 million so‘mga teng bo‘lgan jami 1643 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olind. Tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkentda 15-yanvar kuni giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishga qaratilgan “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi boshlangan.

Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, bunday jinoyatlar darajasi hamon yuqoriligicha qolmoqda. Ularning alohida xavfi shundaki, taqiqlangan moddalar, ayniqsa yoshlar orasida keng tarqalmoqda, ularning ko‘pchiligi bu moddalarni iste’mol qilish qanday oqibatlarga olib kelishini anglamaydi, deb ta’kidladi boshqarma matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga bergan izohida.

Yangi turdagi narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning paydo bo‘lishi, shuningdek, ularni targ‘ib qilish va tarqatishning yangi usullari vaziyatni murakkablashtirmoqda. Yangi texnologiyalar “sotuvchilar” va “xaridorlar”ga bevosita muloqot va o‘zaro aloqasiz to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beradi.