Prezident 17-yanvar kuni paxta xom ashyosini yetishtirish va sotishda bozor mexanizmlarini qo‘llashni izchil davom ettirish chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi farmonni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi har yili 1-noyabrda (2025-yil hosili uchun — 1-fevralda) Nyu-York birjasidagi so‘nggi 6 oylik fyuchers kotirovkalaridagi paxta tolasining o‘rtacha kotirovkasidan kelib chiqib, kelgusi yil hosili uchun paxta xom ashyosining (birinchi nav, ikkinchi sinf) boshlang‘ich narxini belgilaydi va uni birjaning rasmiy veb-saytida e’lon qiladi.
Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, paxta xom ashyosi ishlab chiqaruvchi barcha xo‘jaliklar va klasterlar, shuningdek, paxta xom ashyosini qayta ishlash va ip ishlab chiqarish zanjiriga ega bo‘lgan to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida paxta xom ashyosini yetkazib berish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomalari (fyuchers, forvard va spot) birjaning paxta xom ashyo seksiyasida har bir hudud bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan savdolarda tuziladi.
Xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida tuziladigan shartnomalar xo‘jaliklar tomonidan yetkazib berish muddatlarini, shuningdek, bir yoki bir nechta xaridorni mustaqil tanlash yo‘li bilan tomonlarning erkin tanlovi asosida o‘tkaziladigan birja savdolari orqali rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasidagi barcha shartnomalar “Agroplatforma” axborot tizimi bilan integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasiga joylashtiriladi, deyiladi ma’lumotda.
2025-yil paxta hosilidan boshlab, fyuchers shartnomalari xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida kalendar yilning 1-noyabridan keyingi yilning 1-iyunigacha birjada erkin shakllanadigan, ammo e’lon qilingan boshlang‘ich narxdan past bo‘lmagan narx bo‘yicha tuziladi.
Bunda fyuchers shartnomasi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan e’lon qilingan boshlang‘ich narxdan kelib chiqib imtiyozli kredit ajratish uchun asos hisoblanadi.
Forvard shartnomalari xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida kalendar yilning 1-noyabridan keyingi yilning 1-martigacha o‘zaro kelishilgan narxlarda tuziladi. Bunda paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlari xo‘jaliklar va qayta ishlovchilarning o‘z mablag‘lari yoki tijorat kreditlari hisobidan amalga oshiriladi.
Spot shartnomalari omborda saqlanayotgan paxta xom ashyosi hajmlari bo‘yicha xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida o‘zaro kelishilgan narxda real vaqt rejimida tuziladi. Xo‘jaliklarga jamg‘arma mablag‘lari hisobidan imtiyozli kreditlar ajratilganda bankka kredit summasining 50 foizi miqdorida likvidli mulk taqdim etiladi.
Xo‘jaliklar har yili 1-martgacha (2025-yil hosili uchun — 1-maygacha) “Agroplatforma” ATga Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va boshqa tegishli idoralar tomonidan berilgan paxta xom ashyosini saqlash uchun mavjud omborlarning (saqlash joylarining) belgilangan talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosani yoki shunday xulosaga ega bo‘lgan omborlarda vaqtinchalik saqlash uchun ijara shartnomasini kiritishi shart.
Saqlash uchun omborlari yoki ijara shartnomalari bo‘lmagan xo‘jaliklar har yili 1-martgacha forvard shartnomalarini yoki 1-iyungacha — o‘zi yetishtiradigan paxta xom ashyosi bo‘yicha fyuchers shartnomalarini rasmiylashtiradi.
Shuningdek, o‘z mablag‘lari va tijorat kreditlari hisobidan paxta xom ashyosi yetishtirgan va uni birjada sotgan xo‘jaliklarga hisobvaraq-fakturada shakllangan qiymatning 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Bunda paxta xom ashyosini yetishtirish uchun olingan imtiyozli kreditlarni hosil yili oxirigacha (tegishli yilning 31-dekabrigacha) so‘ndirgan xo‘jaliklarga mazkur kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining 4 foiz punktini subsidiya sifatida qaytarish tartibi joriy etiladi.
Bundan tashqari, barcha tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, fermer va kooperativlarga, paxta xom ashyosini saqlash va birlamchi qayta ishlash uskunalarini xarid qilish uchun banklar tomonidan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan MBning asosiy stavkasi bo‘yicha (shu jumladan bank marjasi — 2 foiz) uch yil muddatga, 6 oylik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda kreditlar ajratiladi. Bunda tadbirkorlik subyektlari faqat paxta xom ashyosini qayta ishlash bilan shug‘ullanadi, uni xarid qilish huquqiga ega bo‘lmaydi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, birja, manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda donni qabul qilish va omborlardan chiqarish, shuningdek, birja savdolarida sotish jarayonlari tezkor va shaffof amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida tegishli axborot tizimlarini “Hosil qabuli” axborot tizimi bilan integratsiya qiladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
a) Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda har yili avgust oyida paxta xomashyosini qabul qiluvchi korxonalarning (klasterlar, kooperatsiyalar) paxta xomashyosini qabul qilish bilan shug‘ullanuvchi xodimlarini elektron tarozi va “Hosil qabuli” axborot tizimi bilan ishlash uchun qayta tayyorlab borishni tashkil etadi;
b) Suv xo‘jaligi vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
- dastlabki bosqichda sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchi subyektlar yerlari tuproqlarining tahlil ma’lumotlari, tuproq holati, xossa-xususiyatlari, unumdorligi, gumus va ozuqa miqdorlari, sho‘rlanishi, eroziyasi to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni aks ettirgan tegishli xaritalar hamda har bir kontur va ekin turiga qarab ilmiy asoslangan tavsiyalarni o‘z ichiga oluvchi “tuproq-pasporti”ning 2026-yil yakuniga qadar ishlab chiqilishini;
- 2027-yil hosilidan boshlab, ekinlarni joylashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini moliyalashtirish jarayonlari “tuproq pasporti”ga muvofiq ilmiy asosda amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Belgilanishicha, 2025-yil 1-apreldan boshlab paxta xom ashyosi va undan tayyorlangan barcha turdagi mahsulotlar bo‘yicha elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilganda bir vaqtning o‘zida tovar-transport yuk xatini ham rasmiylashtirish talab etiladi. Bunda:
- ushbu mahsulotlar turlari ro‘yxati mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi kodlari bo‘yicha Soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi;
- elektron hisobvaraq-faktura va tovar-transport yuk va omborlarda saqlanayotgan tovar-moddiy zaxiralar qoldiqlari soliq organlari tomonidan sanoqdan (inventarizatsiyadan) o‘tkazilmaydi va soliq solish maqsadlarida soliq to‘lovchining omborida mavjud emas deb hisoblanadi hamda soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) deb baholanadi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan barcha paxta xomashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar bo‘yicha mavjud tovar-moddiy zaxiralar to‘g‘risidagi ma’lumotlar 2025-yil 1-aprelga qadar soliq organlarining ma’lumotlar bazasiga kiritilishi ta’minlaydi.
Soliq qo‘mitasi ikki oy muddatda tadbirkorlik subyektlariga ularning hisobotlariga asosan qoldiqda qolayotgan tovarlar turlari va miqdorlarini ko‘rsatish imkonini beruvchi dasturiy ta’minotni ishga tushiradi. Bunda mazkur dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bilan bog‘liq xarajatlar Soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.