O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Erkinjon Oqbutayevich Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar qildi.

Erkinjon Turdimov 2018-yildan 2024-yilgacha Samarqand viloyati hokimi bo‘lgan, 2008−2016-yillar davomida Navoiy viloyatini boshqargan. Undan so‘ng 2 yil Surxondaryo viloyati hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

2018-yilda Samarqand viloyati hokimi lavozimiga tayinlangan Turdimov 2024-yilda mamlakatda o‘tgan parlament saylovlaridan so‘ng Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasida qayta tasdiqlangandi.

55 yoshli Turdimov Samarqand viloyatida tavallud topgan. 1991-yildan 1995-yilgacha “O‘zsanoatqurilishbank”ning hududiy bo‘limlarida xizmat qilgan.1996-yilgacha Zarafshon hokimi o‘rinbosari bo‘ldi. 1996-yildan 2000-yilgacha Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Navoiy bo‘limida ishlab, Navoiy viloyati Xatirchi tuman hokimiyatiga boshchilik qildi. Undan so‘ng qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.

Sirdaryo viloyatining avvalgi hokimi 16-yanvar kuni prezident raisligidagi yig‘ilishda ishdan olingandi. U 2018-yildan 2022-yilning mayigacha Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hokimi, o‘sha yilning mayidan noyabrigacha Navoiy viloyati hokimining o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan.

Mahmudaliyev 2022-yilning noyabrida mazkur lavozimdagi G‘ofirjon Mirzayevning o‘rnini egallagandi.