Janubiy Koreyada tug‘ilish ko‘rsatkichi COVID-19 pandemiyasi tufayli kechiktirilgan nikohlar tiklanganidan so‘ng, 9 yil ichida birinchi marta 2024-yilda o‘sishi kutilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Mamlakat dunyodagi eng past tug‘ilish ko‘rsatkichlaridan birini qayd etib kelayotganiga qaramay, 2024-yilning yanvaridan noyabrigacha bo‘lgan davrda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni bir yil oldingiga nisbatan 3 foizga oshdi. Raqamlarda keltirsak, bu oraliqda 220 094 nafar chaqaloq tug‘ildi.

2023-yilda yangi tug‘ilganlar soni 7,7% ga kamaygan, bu pasayish ketma-ket sakkizinchi yilga cho‘zildi va yillik tug‘ilish darajasi 0,72 ni tashkil etdi, bu dunyo bo‘yicha eng past ko‘rsatkichdir, deb ta’kidlaydi Reuters.

Agentlikning yozishicha, mamlakatda nikoh va tug‘ilish o‘rtasida yuqori korrelyatsiya mavjud bo‘lib, bir yoki ikki yillik tanaffus kuzatiladi, chunki ko‘pincha nikoh farzand ko‘rishning zaruriy sharti sifatida qaraladi.

O‘tgan yili o‘tkazilgan hukumat so‘rovida janubiy koreyaliklarning 62,8 foizi nikohdan tashqari tug‘ilishlarga qarshi ekanini bildirgan (garchi bu o‘n yil oldin kuzatilgan 77,5 foizdan kam bo‘lsa-da).

Janubiy Koreyada yanvar-noyabr oylarida nikohlar soni 13,5 foizga oshib, 199 903 taga yetdi. Bu ko‘rsatkich, agar dekabrda o‘zgarish bo‘lmasa, 1980-yildan beri eng katta yillik o‘sishni ko‘rsatadi.

O‘tgan yili Janubiy Koreya yoshlarni oila qurishga va farzand ko‘rishga undash bo‘yicha turli chora-tadbirlarni amalga oshirdi, hozirda lavozimidan ozod etilgan prezident Yun Sok Yol “milliy demografik inqiroz” e’lon qildi va tug‘ilishning past darajasiga qarshi kurashishga bag‘ishlangan yangi vazirlikni tashkil etish rejasini tuzdi.

Chora-tadbirlarning aksariyati soliq imtiyozlari va subsidiyalar orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdan iborat edi, ya’ni 2024−2026-yillar oralig‘ida turmush qurgan er-xotinlarning har biri uchun 500 000 von (349,35 dollar) miqdorida bir martalik soliq imtiyozi bor.

2024-yildagi tug‘ilishlar bo‘yicha yillik ma’lumotlar 26-fevral kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.