Aprel oyida Samarqandda Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha xabarida ma’lum qildi. Bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ham tasdiqladi.
Saida Mirziyoyeva va Toyvo Klaar sammitga ikki tomonlama tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi.
“Janob Klaar ayollarning huquqiy himoyasi va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi”, — dedi prezident yordamchisi o‘z xabarida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, elchi, shuningdek, “O‘zbekiston o‘zining boy tarixini asrab-avaylashini e’tirof etib, bu doimo g‘urur va milliy o‘zlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kerakligini” ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, birinchi to‘liq miqyosli YeI — MO sammiti 2024-yilning bahorida Samarqandda bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq 2025-yilning birinchi yarmiga ko‘chirilgan.
YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha sobiq maxsus vakili Terxi Hakala dekabr oyida “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida (rus tilida) sammitni kechiktirishga to‘g‘ri kelganidan afsusda ekanini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, muammo faqat Yevropa Ittifoqi uchun o‘tgan yil yangi hukumat shakllanishi tufayli murakkab o‘tgani bilan bog‘liq bo‘lgan.
“Biz prezidentingizga, hukumatingizga Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo tarixidagi ilk sammitni o‘tkazishga taklifni qaytadan berganlari uchun juda minnatdormiz”, — degan edi o‘shanda Terhi Hakala. Ushbu uchrashuv juda muhimligini ta’kidlab, u tomonlar yillar davomida rivojlantirgan yuqori darajadagi muloqotni mustahkamlashini qo‘shimcha qilgan.