Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni qabul qildi.
Farmonga ko‘ra, 2025−2027-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjirini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
- mahsulotlar eksportini 2025-yilda 4 milliard dollarga, 2026-yilda 5 milliard dollarga va 2027-yilda 7 milliard dollarga yetkazish;
- AQSh va Yevropa davlatlari bozorlariga tayyor mahsulotlar eksportini 500 million dollarga yetkazish;
- ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy dizaynerlik ishlanmalarini keng joriy qilish hamda xalqaro brendlarni jalb qilish orqali jami eksportda tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ulushini 70 foizga yetkazish;
- ip-kalavani chuqur qayta ishlashni yanada rivojlantirish maqsadida 5 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb qilish.
To‘qimachilik tarmog‘ida qayta ishlashni chuqurlashtirish uchun qulay moliyaviy shart-sharoitlar yaratish maqsadida belgilangan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi.
Mahalliy mahsulot va brendlarni xalqaro marketpleyslarda targ‘ib qilish, joylashtirish va reklama qilish bo‘yicha “Made in Uzbekistan” dasturi amalga oshiriladi.
“Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ huzurida faktoring tashkiloti tashkil etiladi.