Srechko Katanets iste’fosidan so‘ng Timur Kapadze O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda mamlakat futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, 22-yanvar kuni sloveniyalik mutaxassis futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketgandi. Uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan tuzilgan shartnoma bekor qilingan.
Sloveniyalik murabbiy o‘z murojaatida hozirgi holatida vazifalarini to‘laqonli, professional tarzda bajara olmasligini afsus bilan qayd etgan. Doimiy qo‘llab-quvvatlagani va samarali hamkorlik uchun assotsiatsiyaga o‘z minnatdorchiligini bildirgan va terma jamoaga Jahon chempionati saralash bahslarida omad tilagan.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining xabar berishicha, tashkilot shundan so‘ng milliy terma jamoa bosh murabbiyligi uchun bir qator nomzodlarni o‘rganib chiqdi va tahlil qildi. Mahalliy va xorijlik tajribali mutaxassislar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Shu bilan birga, murabbiylar kengashi tomonidan taqdim etilgan tavsiyalar ham batafsil ko‘rib chiqildi.
Jahon chempionati saralashining hal qiluvchi o‘yinlariga oz vaqt qolganini hisobga olib, jamoa va futbolchilar bilan yaqindan tanish bo‘lgan, uzoq yillar davomida milliy terma jamoa safida to‘p surgan hamda bosh murabbiy va yordamchi murabbiy sifatida faoliyat olib borgan, shuningdek, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bilan tarixiy natijaga erishgan Timur Kapadze nomzodi ilgari surildi.
“Hozirgi yuzaga kelgan holatda O‘FA aynan Kapadzening murabbiylik iste’dodi, mas’uliyati, jamoa a’zolari orasida mavqei, qolaversa doimo yuqori maqsad sari intilish kabi jihatlari orqali muhim uchrashuvlarda ijobiy natija ko‘rsatishiga ishonadi”, — deyiladi xabarda.
Ayni kunlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qatarda yig‘in o‘tkazmoqda. Timur Kapadze ushbu yig‘inga qo‘shilib, jamoa boshqaruvini qo‘lga oladi.