Toshkent shahridagi yirik ovqatlanish tarmoqlaridagi taomlardan qurt-qumursqalar chiqqani aks etgan videolarni tayyorlab, ularni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib kelgan “Nazorat Uz” kanali ma’murlari qo‘lga olindi. Ular tadbirkordan videolarni tarqatmaslik uchun pul talab qilgani aytilmoqda.

Tarmoqlarda tarqalgan xabarga ko‘ra, 2021-yil tashkil etilgan “Nazorat Max” MCHJ qoshida “Nazorat Uz” nomli veb-sahifa ro‘yxatdan o‘tkazilib, unga bir necha kishi ishga qabul qilingan. Loyiha rahbar fuqaro J.I. jamoa a’zolariga tadbirkorlarni obro‘sizlantirishga qaratilgan materiallar yig‘ishga topshiriq bergan.

Kanal vakillari Toshkent shahridagi yirik ovqatlanish shoxobchalariga kirib, ulardan mahsulot sotib olgan va ichiga inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan narsalarni joylashtirib, videoga olgan. Shundan so‘ng J.I. ovqatlanish kompaniyasi rahbariyatiga murojaat qilib, bu materiallarni Telegram va YouTube`dagi kanallarida e’lon qilishini aytgan, deyiladi xabarda.

Jumladan, 2024-yilning sentabr oyida J.I. tez yordam xodimi kiyimida 16-shahar shifoxonasidan video yozib, u yerga mashhur ovqatlanish tarmoqlaridan birida zaharlangan bir qancha fuqarolar olib kelinganini aytgan. Ma’lumotga ko‘ra, shundan so‘ng u brend mas’ullariga mahsulotlar ichidan pashsha chiqqani aks etgan materiallarni tashlab, hisobiga pul o‘tkazib berilmasa, videolarni tarmoqqa yuklashini aytib, shantaj qilgan.

Xabarlarda kanal ma’muri ovqatlanish shoxobchasini ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish bo‘yicha soxta shartnoma tuzib, bu orqali 240 million so‘m miqdorida pul undirishga uringani aytiladi. Jumladan, ovqatlanish tarmog‘i “Nazorat Uz” muallifiga 2 oy davomida 80 million so‘m pul o‘tkazgan. Keyinchalik shantaj davom etavergach, tadbirkor ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan.

“Nazorat Uz” resursi OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Ayni vaqtda Telegram kanalida 100 mingdan ortiq, YouTube kanalida esa 143 ming obunachi bor.

Toshkent IIBB axborot xizmati tarmoqlarda paydo bo‘lgan ushbu xabarni tasdiqladi. Boshqarmaning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, fuqarolar 1980-yilda tug‘ilgan D.I., 1989-yilda tug‘ilgan O.M. va 1987-yilda tug‘ilgan Sh. S.ga nisbatan 2024-yil 18-dekabr kuni Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 21-dekabr kuni ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda. Ish yakuni bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilindi.