AQSh prezidenti Donald Tramp agar Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borishdan bosh tortsa, Rossiyaga nisbatan sanksiyalar (qandayligi haqida so‘z bormadi) joriy etishi mumkinligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters.

“Biz Zelenskiy bilan gaplashmoqdamiz, tez orada prezident Putin bilan ham gaplashamiz”, — dedi Tramp. AQSh prezidenti Putin bilan “juda tez muddatda” gaplashishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Rossiya prezidenti bilan uchrashuv haqida gapirarkan, Tramp istalgan vaqtda muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi.

O‘z nutqida Tramp agar u prezident lavozimida qolganida, Rossiya hech qachon Ukrainaga hujum qilmagan bo‘lishini yana bir bor ta’kidladi. “Men Putin bilan juda yaxshi munosabatda edim. Bunaqasi hech qachon, hech qachon bo‘lmasdi. U Baydenga hurmatsizlik qildi. Juda osonlikcha. U odamlarni hurmat qilmaydi. U aqlli. U tushunadi. U Baydenni hurmat qilmaydi”, — dedi Tramp.

AQSh prezidenti ma’muriyati Ukrainaga qurol yuborish masalasini o‘rganayotganini qo‘shimcha qildi, ammo Yevropa Ittifoqi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq ish qilishi kerakligini ta’kidladi.

Tramp, shuningdek, XXR raisi Si Szinpinga “bosim o‘tkazib”, uni jarayonga aralashib, Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatishga chaqirganini, ammo Xitoy rahbari “buning uchun ko‘p narsa qilmagani”ni aytdi. “Uning ham biz kabi kuchi ko‘p. Men: “Siz buni hal qilishingiz kerak”, dedim. Biz buni muhokama qildik”, — dedi Tramp.

Tramp ma’muriyati u prezidentlik lavozimiga kirishishidan oldin Vladimir Putin bilan muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagandi. Muzokaralar qayerda va qachon o‘tkazilishi noma’lum. Avvalroq Shveysariya va Serbiya AQSh va Rossiya prezidentlarini qabul qilishga tayyorligini bildirgan.