Jahon banki global iqtisodiyot va alohida mintaqalar, jumladan, Yevropa va Markaziy Osiyo (YeMO) uchun tendensiyalar, prognozlar va xavflarni tahlil qiluvchi “Global iqtisodiy istiqbollar” hisobotining so‘nggi nashrini e’lon qildi.

Jahon banki iqtisodchilarining baholariga ko‘ra, O‘zbekiston YAIMi o‘sishi 2024-yil oxirida 6 foizni tashkil etdi. Tashkilotning O‘zbekistonga 2025-yil uchun prognozi 5,8 foizni, 2026-yil uchun esa 5,9 foizni tashkil etadi, bu YeMO mintaqasidagi davlatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri. Bu bankning oktabr oyidagi avvalgi prognoziga mos keladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati 2024-yilda iqtisodiy o‘sishni 6,5 foiz — 115 milliard dollargacha baholagan edi. 2025-yil uchun YAIM o‘sishi prognozi 6 foizni tashkil etadi, inflyatsiya 7−8 foizgacha pasayishi kutilmoqda.

jahon banki

YeMO mintaqasidagi tendensiyalar

Butun Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida 2024-yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati 3,2 foizgacha pasaydi, deya qayd etdi Jahon banki. Bu pasayish, asosan, Rossiya va Turkiyadagi iqtisodiy o‘sishning zaiflashishi bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, Rossiyaning Ukrainaga bosqini mintaqadagi iqtisodiy faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda, deya ta’kidladi bank.

YeMO mintaqasida inflyatsiyaning sekinlashuvi to‘xtadi, asosiy inflyatsiya yuqoriligicha qolmoqda, bazaviy inflyatsiya esa pandemiyadan oldingi darajadan ikki baravar yuqori.

Xomashyo narxlarining pasayishi vaziyatni biroz yumshatdi, biroq mehnat bozorlaridagi keskinliklar, ayniqsa, xizmat ko‘rsatish sohasida ish haqiga bosim yuqoriligicha qolmoqda, deya qayd etdi JB.

Sharhda aytilishicha, pul o‘tkazmalari oqimi sekinlashganiga qaramay, Janubiy Kavkazning qator mamlakatlarida Rossiyaning Ukrainaga bosqinigacha bo‘lgan darajadan yuqoriligicha qolmoqda.

Shu bilan birga, ekspertlarning qayd etishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlariga, xususan, Tojikistonga pul o‘tkazmalari hajmi barqarorligicha qolmoqda, bu esa aholining shaxsiy iste’moli darajasini saqlab qolishga xizmat qilmoqda.

Prognozlar

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, YeMO mintaqasida iqtisodiy o‘sish 2025-yilda 2,5 foizgacha sekinlashadi, keyin esa 2026-yilda 2,7 foizgacha o‘sadi.

Rossiya, Turkiya va Ukrainani hisobga olmaganda, mintaqada o‘sish 2025−2026-yillarda 3,3 foizga oshishi kutilmoqda.

Tovar narxlarining pasayishi va mehnat bozoridagi keskinlikning yumshashi tufayli inflyatsiya asta-sekin sekinlashishi kutilmoqda. 2025-yilda YeMO mintaqasidagi mamlakatlarning yarmida davlat qarzi oshishi kutilmoqda.

Risklar

Prognozdagi risk darajasi iqtisodiy o‘sishning ehtimolif sekinlashuvidan dalolat beradi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, iqtisodiy siyosat bo‘yicha global noaniqlik kuchaymoqda.

Masalan, ayrim mamlakatlar qo‘shimcha savdo cheklovlarini joriy etishi jahon savdosi sohasidagi vaziyatni yanada og‘irlashtirishi va YeMO mintaqasining iqtisodiy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Barcha YeMO mamlakatlarida harbiy xarajatlar ortdi. “Rossiyaning Ukrainaga bosqini oqibatida yuzaga kelgan mojaroning har qanday eskalatsiyasi mintaqadagi vaziyat yanada yomonlashishiga olib kelishi mumkin”, — deya ta’kidladi JB.

Rossiyada o‘sish sur’atlarining kutilganidan pastligi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, bu, birinchi navbatda, pul o‘tkazmalarining kamayishi bilan bog‘liq, deydi tahlilchilar.

Markaziy banklar inflyatsiya maqsadlariga yaqinlashishda davom etishi kutilmoqda, ammo mintaqaviy inflyatsiyaning pasayishi yanada sekinlashishi mumkin, foiz stavkalarining navbatdagi o‘sishi va ularni uzoq vaqt davomida yuqori darajada ushlab turish esa, ehtimol, iqtisodiy o‘sishni cheklaydi, deb ishonadi JB.

Qurg‘oqchilik va suv toshqinlari kabi ekstremal ob-havo hodisalariga ta’sir qilish bilan bog‘liq iqlim xavflari ham mintaqa uchun asosiy muammo bo‘lib qolmoqda.