Vazirlar Mahkamasida 20-yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasida mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Hujjat bilan mamlakatda ISO 14024 xalqaro standarti asosida butun hayotiy davr bo‘yicha (I tip) “Yashil belgi” mahsulot va xizmatlarni yagona ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimi joriy etiladi.

Mahsulot va xizmatlarning ekologik markirovkalash standartlariga muvofiqligini ekologik markirovkalash tizimida avtorizatsiyadan o‘tgan yuridik shaxslar baholaydi. Ekologiya vazirligi “Yashil belgi” tizimini tartibga solish bo‘yicha vakolatli organi hisoblanadi hamda unga bir qancha vazifalar yuklanmoqda.

Xususan, vazirlik ekologik markirovkalash tizimini tartibga solish hujjatlarini, shu jumladan, qoidalari, xorijiy ekologik markirovka tizimlarini tan olish hamda ekologik markirovka belgisini qo‘llash tartiblarini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, ekologik markirovkalash organlariga qo‘yiladigan talablar belgilaydi hamda ularni avtorizatsiyadan o‘tkazadi.

Ekologiya vazirligi huzuridagi “Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati ekologik markirovkalash tizimining operatori etib belgilandi hamda unga quyidagi vazifalar yuklandi:

  • ekologik markirovkalash organlarini ekologik tizimida avtorizatsiyadan o‘tkazish;
  • ekologik markirovkalash standartlarini amaliyotga tatbiq etish;
  • mahsulot va xizmatlarga berilgan ekologik markirovkalash sertifikatining haqiqiyligi va amal qilish muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tasdiqlash hamda ochiqligini ta’minlash maqsadida ushbu sertifikatlar reyestrini yuritish;
  • ekologik markirovkalash organlari manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ekologik markirovka belgisidan to‘g‘ri foydalanilishini ommalashtirish hamda uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish;
  • xalqaro ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish tashkilotlari, uyushmalar va ishchi guruhlarda ekologik markirovkalash tizimini taqdimot qilish;
  • ekologik markirovkalash organlari mutaxassislari malakasini oshirish va ularning xalqaro ekologik sertifikatlashtirish hamda standartlashtirish tashkilotlarida tajriba almashishini tashkil etish.

“Spot”ning tushuntirishicha, vazirlik standartlarni belgilashi va unga muvofiq ekologik jihatdan afzal, resurslarni tejovchi, kam chiqitli va chiqindisiz, atrof-muhitga salbiy ta’siri kamaytirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishi va kiritishi kerak.

Shuningdek, hujjat bilan ekologik markirovka belgisi tasdiqlandi. Belgi oq fonda to‘q yashil va och yashil ranglardagi so‘zlardan iborat. Ular och yashil rangdagi to‘rtburchak shakl ichida joylashtirilgan.