Senatning uchinchi yalpi majlisida “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonuni muhokama qilindi.
Qonun loyihasi 5 ta bob va 25 ta moddadan iborat bo‘lib, unda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha umumiy qoidalar, ushbu sohani tartibga solish hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, iste’molchilarning, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari, shuningdek, yakuniy qoidalar aks etgan.
Ushbu qonunning maqsadi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, qonunning qo‘llanish sohasi aholining oziqlik qimmatiga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan xavfsiz ovqatlanishini ta’minlashga, samarali bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishga nisbatan tatbiq etiladi.
Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar ya’ni “davlat zaxirasi”, “ijtimoiy ahamiyatga ega asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari”, “oziq-ovqat balansi”, “oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasi”, “oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi”, “oziq-ovqat xavfsizligi”, “xavfsiz oziqlanish” hamda “xomashyo” tushunchalariga aniq ta’rif berilmoqda.
Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi asosiy tamoyillar, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilmoqda.
Bundan tashqari, oziq-ovqat xavfsizligi sohasini tartibga solish mustahkamlanib, bunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda Vazirlar Mahkamasi, vakolatli davlat organi, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlariga aniqlik kiritilmoqda.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida vakolatli davlat organi etib Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilanmoqda.
Vakolatli davlat organiga:
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
- oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish bilan bog‘liq faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni o‘rganish asosida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va rivojlantirishga doir qisqa, o‘rta hamda uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish;
- kelgusi yil uchun ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosiga bo‘lgan ehtiyojning prognoz hajmlarini ishlab chiqish, ularning bajarilishi yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rish, davlat zaxirasini hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini tashkil etish mexanizmlarini takomillashtirish;
- kelgusi yil uchun oziq-ovqat balansini ishlab chiqish va boshqa ko‘plab vazifalar yuklatilmoqda.
Shuningdek, qonunda oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat tomonidan qanday choralar ko‘rilishi, oziq-ovqat balansini shakllantirish, iste’molchilarning va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari aniq qilib belgilab qo‘yilmoqda.