Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni ipoteka dasturi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda migrantlar ipoteka krediti olishiga imkon beruvchi tizim yaratishga topshiriq berdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

“Mamlakatimizda aholiga rasmiy ish joyi bo‘lmasa ham, daromadini deklaratsiya asosida hisobga olib, ipoteka krediti olishi uchun imkoniyat yaratilgan. Lekin hozirda xorijga ishlashga ketganlarga „O‘zbekistonda rasmiy daromadi yo‘q“, degan vaj bilan kredit va subsidiya berilmayapti”, — deya ta’kidladi u.

Shu sababli prezident mutasaddilarga xorijda mehnat qilayotgan va olti oy ichida muntazam pul o‘tkazib kelayotgan fuqarolar daromadini hisobga oladigan tizim yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.