Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2025-yilda uy-joy qurilishi va ipoteka krediti sohasidagi o‘zgarishlarni e’lon qildi, deb xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari yig‘ilishda hamma hokimlar ham qurilishning iqtisodiyot uchun, aholi farovonligi uchun qanchalik muhimligini tushunib yetmayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Prezident 2024-yilda Toshkent, Navoiy, Buxoro, Xorazm va Samarqand shaharlarida uy-joylar qurish borasidagi ishlarni ijobiy baholadi. Lekin “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ishlarning borishi qoniqarsiz ekani qayd etildi.

Qoraqalpog‘iston, Jizzax va Sirdaryoda esa infratuzilma va quruvchilar bilan ishlash o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Xorazmda 98 ta, Buxoroda 65 ta, Jizzaxda 19 ta, Navoiyda 12 ta auksionda sotib olingan yerda qurilish boshlanmagan.

Bundan tashqari, ba’zi xonadonlar aholi va infratuzilmadan uzoq, talab bo‘lmagan joyda qurilgani uchun bir yildan beri sotilmayapti.

Davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi.

Endi “Yangi O‘zbekiston” massiviga berilgan yer bo‘yicha loyihalashni 2 oydan, qurilishni boshlashni 3 oydan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu talab buzilsa, yer qaytarib olinib, qayta auksionga chiqariladi.

Loyiha ekspertizasini o‘n besh kundan o‘tkazib yuborgan tashkilotlarning litsenziyasi to‘xtatib qo‘yiladi.

Qurilishda “eskrou” tizimi joriy qilinmoqda. Bu tizim developerlarga hozirgidan pastroq stavkada mablag‘ jalb qilish imkonini beradi. Muhimi, developerlarni moliyalashtirish uy qurish bilan birga boshlanadi va davom etadi.

Bundan tashqari, ushbu tizim doirasida fuqarolar qurilish boshidan ipoteka va subsidiya olish hamda uy bitmasdan turib ham boshqa odamga sotish imkoniga ega bo‘ladi. Bu bilan uy sotib oluvchilar kafolatli himoyalanadi.

“Yangi O‘zbekiston” massivi uchun berilgan yerlarning 10 foizi developerlarga tijorat binolarini qurishi uchun yagona lot sifatida savdoga chiqariladi.

Bu uylarni pastki qavatida xususiy bog‘cha tashkil qilishga ruxsat berilishi, ular mulk solig‘idan ham ozod qilinishi ta’kidlandi.

Hokimlarga bu massivlarga ko‘chib keladigan aholining talabini hisobga olib pastki qavatlarda bog‘cha tashkil qilishni boshlash topshirildi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda 2030-yilgacha kamida 100 ta “Yangi O‘zbekiston” massivini qurish reja qilingan.

Yangi massivlar uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1−2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metr xonadon quriladi.

Joriy yil “Yangi O‘zbekiston” massivlari infratuzilmasi uchun 1,2 trillion so‘m beriladi.

Hozir “Yangi O‘zbekiston” massivi uchun mas’ul yagona tashkilot bo‘lmagani uchun, yer qayerdan ajratiladi, infratuzilma qanday bo‘ladi, qayerga daraxt ekiladi, sug‘orish va drenaj tizimi qanaqa o‘tkaziladi, degan savollarga javob yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois bu ishlarni tashkillashtirish uchun “O‘z uyim” kompaniyasi tashkil qilinadi. Ushbu kompaniya “Yangi O‘zbekiston” massivlariga yer tanlash, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishga mas’ul bo‘ladi.

Mutasaddilarga xalqaro ekspertlarni jalb qilib, kelgusi besh yil uchun uy-joy siyosati strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.