Oliy Majlis Senati “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunni qayta ko‘rib chiqdi. Qonunchilik palatasi bu hujjatni 2023-yil 28-noyabr kuni qabul qilgan.

Hujjat Senatda birinchi marta 2024-yil 16-avgust kuni ko‘rib chiqdi. O‘sha majlisda Senat qonunni takomillashtirish va yakunlash uchun Senat va Qonunchilik palatasining kelishuv komissiyasiga qaytargan edi.

Muhokama qilinayotgan qonun bilan jarima ballari hisoblangan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash kabi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Shunday bo‘lsada qonundagi ayrim normalar bugungi kundagi mavjud real voqelik hamda amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaganligi qayd etilgandi.

Qonunning dastlabki variantida jarima ballari uchun transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosining minimal muddatlari (eng pastki chegarasi) belgilanmagani, bu esa sud amaliyotini turlicha shakllanishiga zamin yaratishi, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda bunday huquqdan mahrum qilish muddati 15 kundan kam bo‘lmasligi kerak deb belgilangani, biroq, yil davomida kamida 12 ta jiddiy qoidabuzarlik qilgan haydovchiga o‘n besh kun transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini berilishi qonundan ko‘zlangan maqsadga erishishga to‘sqinlik qilishi mumkinligi aytilgandi.

Shu bois 55-yalpi majlisda senatorlar tomonidan qonunni qayta ishlash va ushbu masala bo‘yicha yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish va maromiga yetkazish uchun Senat a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.

Komissiya tomonidan senatorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lgan qismlarga o‘zgartirish kiritildi.

Yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganda haydovchilik huquqidan mahrum qilishning eng kam miqdori 6 oydan kam bo‘lmasligi belgilandi. Buning uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi kiritilayotgan 341-moddasiga tegishli ta’sir choralarini qo‘llashga aniqlik kirituvchi, shuningdek, ushbu kodeksning 28-moddasida ham tegishli havolani nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Erali BozorovYo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov

Senatorlar qonunni muhokama qilish vaqtida qonun ishlab chiquvchilarga savollar berishdi. Xususan, senator Xusan Ermatov svetafor ostidagi 1.1 chiziqlarini bosganlik uchun ham jarima ballari hisoblanishiga qiziqdi.

“Biz qoidabuzarlik deb aytayotgan holatlar haydovchilarga mutlaqo bog‘liq bo‘lmagan vaziyatda ham yuzaga kelishini ham hisobga olish kerak. Ayniqsa, yog‘ingarchilik mavsumida yo‘ldagi chiziqlar ko‘rinmaydi. Chiziq chizilgan joylarda chuqurlar bo‘lgan holatlarda haydovchilar uni chetlab o‘tishga majbur bo‘ladi. Bunday vaziyatda haydovchi jarimadan ko‘ra, chuqurga tushish qimmatroqqa tushishni yaxshi tushunadi. Shuningdek, chorrahalarda bir mashina chekka chiziqqa turib oladi, boshqalar esa uni aylanib o‘tishga va chiziqni bosishga majbur bo‘ladi. Ana shunday holatda jarima ballarini qo‘llash qanchalik to‘g‘ri?”, — deya savol berdi senator.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov savolga javob berdi:

“Bu masalada ko‘plab murojaatlar kelib tushyapti. Murojaatlar mas’ul xodimlar tomonidan ko‘rib chiqiladi (dekabrdan boshlab murojaatlarni onlayn jo‘natish mumkin). Agar holatlar o‘z tasdig‘ini topganda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasiga asosan ko‘rib chiqishdan to‘xtatiladi va 321-moddaga asosida [jarima belgilanishi to‘g‘risidagi] qaror bekor qilinadi. 2022-yilda yangi tahrirda qabul qilingan Yo‘l harakati qoidalarida yetarlicha ko‘rinmaslik tushunchasi kiritildi. Unda yomg‘ir, qor yog‘ishi, tuman tushishi va shunga o‘xshash holatlar inobatga olindi. Yuqorida qayd etilgan holatlarda ham bunday sharoitlar inobatga olinadi… Bunday holatlarda jarima belgilanmaydi, jarima ballari hisoblanmaydi”.

Senator Anvar To‘ychiyev bir mashinani ishonchnoma asosida bir necha kishi haydasa qoidabuzarlik sodir etilganda jarima ballari haydovchiga hisoblanadimi yoki mashina egasigami, deya savol yo‘lladi.

Erali Bozorov muhokamadagi qonunda bu masalaga to‘xtalib o‘tilganini ma’lum qildi.

“Qonunga 117−1 moddasiga qo‘shimcha kiritilmoqda, ya’ni transport vositasidan fuqaroviy-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda foydalangan shaxslar javobgarlikka tortiladi. Bunda fuqaroviy-huquqiy munosabatlariga sug‘urta polisiga kiritilgan yaqin qarindoshlari ham kiradi. Shuni inobatga olgan holda, trasport vositasini boshqargan shaxsga nisbatan jarima ballari to‘planadi. Qonun ma’qullanib, kuchga kirgandan keyin mexanizmlar yana takomillashtiriladi”, — dedi Bozorov.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, prezidentga imzolash uchun yuborildi.

Ma’lumot uchun, 2018-yilning may oyida qabul qilingan Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiyada haydovchilar uchun 12 ballik tizimni joriy etish, bir yil davomida jarimalari bilan 12 ball yig‘gan shaxsni haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqilishi aytilgan edi. Hujjat loyihasini esa 2019-yil boshida ishlab chiqish rejalashtirilgandi.

2022-yilning fevralining birinchi haftasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev Yo‘l harakati qoidalari yangidan ishlab chiqilishi va haydovchilar baholanishi haqida gapirgandi. 2022-yil fevral o‘rtalarida esa IIV rahbari o‘rinbosari qoidabuzar haydovchilarga ball berish tizimi nega 3 yil ilgari joriy qilinmaganiga izoh bergandi. “U paytda biz hali bunga tayyor bo‘lmagandirmiz, vaqti endi kelgandir. Mana endi buni yaqin kunlarda joriy qilamiz, bu o‘zini samarasini beradi”, — degandi Bekmurod Abdullayev.

Tizim 2022-yil 1-dekabrda ishga tushishi kerak edi. Biroq, tizim ishga tushishi kechikdi. 2022-yil dekabrda YHXX boshlig‘i Olim Saidov “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda qoida buzgan haydovchilarga jarima ballarini hisoblash tizimi qonunchilik masalasi ekanini aytgandi.