Shavkat Mirziyoyev 3-yanvar kuni “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, barcha tuman (shahar) sektor rahbarlariga, Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati boshliqlariga va ichki ishlar organlari boshliqlari o‘rinbosarlariga 2025-yilda kriminogen vaziyat og‘ir mahallalar biriktiriladi.
Shuningdek, viloyatlar markazlari va kriminogen vaziyat og‘ir tuman (shahar)lar mahallalarida xizmat olib boruvchi ichki ishlar organlari profilaktika kichik inspektori lavozimi kiritilmoqda va uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilmoqda:
- mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolar, maktab bitiruvchilari hamda talabalar bilan ijtimoiy profilaktika choralari doirasida manzilli ishlarni amalga oshirish;
- mahallalar hududida sodir etiladigan ayrim turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha bayonnomalar tuzish.
Ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari tarkibida quyidagi tuzilmalar tashkil etilmoqda:
- mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolar orasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha manzilli ishlarni tashkil etish vazifasini amalga oshiruvchi migratsion profilaktika bo‘linmalari;
- mahalla profilaktika inspektorlari tomonidan aniqlangan ma’muriy huquqbuzarliklar uchun ma’muriy qamoqqa olish jazosi qo‘llangan shaxslarni maxsus qabulxonalarga olib borish vazifasini amalga oshiruvchi tumanlararo ma’muriy konvoy guruhlari.
Yengil tan jarohati, mayda bezorilik, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik, giyohvandlik vositalari va alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar ro‘yxatdan o‘tgan vaqtning o‘zida huquqbuzar (jabrlanuvchi)larga nisbatan avtomatik tarzda “E-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimida ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha xulosa shakllantiriladi va ijroga qaratiladi.
Hujjat bilan mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan bir qator yo‘l xaritalari hamda 2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.
Sinov tariqasida kriminogen vaziyat og‘ir hududlardagi profilaktika bo‘linmalarida ma’muriy amaliyot guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va ular jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etishga oid hujjatlarni o‘rganib, tarkibida ma’muriy huquqbuzarlik bo‘lgan holatlar yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtiradi.
Mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Unga profilaktika (katta, kichik) inspektorlari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha, probatsiya, yo‘l harakati xavfsizligi va patrul-post xizmatlari inspektorlari hamda tezkor-qidiruv xizmati xodimi kiritiladi, Milliy gvardiya qo‘riqlash bo‘linmalarining naryadlari xizmat olib borishi tashkil etiladi.