O‘zbekistonda uy-joylar renovatsiyasi dasturiga ko‘ra, 2025-yilda 20 ming xonadon qurish rejalashtirilgan. Bu haqda 23-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda so‘z bordi.

Uy-joy qurishda asosiy e’tiborni eskirgan uylar o‘rnida renovatsiya asosida zamonaviy ko‘p qavatli uylarni ko‘paytirishga qaratish zarurligi ta’kidlandi. Bunda yerdan foydalanish samaradorligi 4−5 karra oshadi, kommunikatsiya xarajati 2 karra kamayadi, deyiladi tadbirda.

Prezidentning ta’kidlashicha, renovatsiya nafaqat infratuzilmani yaxshilash, balki aholi turmush sifatini tubdan o‘zgartirish imkonini ham beradi. Yangilangan hududlarda yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, savdo xizmatlari ko‘payadi, bu esa iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bu boradagi ishlar Jizzax, Marg‘ilon, Qo‘qon, Shahrisabz, Qarshi shaharlari, shuningdek, Toshkent shahrining Do‘stlik tumani va tumanlarida ham muvaffaqiyatli boshlangani ta’kidlandi. Ularning tajribasini barcha hududlarda ommalashtirish zarurligi ta’kidlandi. Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabariga ko‘ra, eskirgan va avariya holatidagi uylarda yashayotganlar dastur ijrosini kutmoqda.

Prezident joriy yilda renovatsiya asosida 20 ming xonadon qurilishini tashkil etish zarurligini aytdi.

Oktabr oyida Toshkent hokimligi 50 gektardan ortiq maydon renovatsiyasi bo‘yicha tenderlar e’lon qilgan edi. Poytaxtda o‘tkazilgan xalqaro arxitektura kongressida bunday loyihalarni amalga oshirish tamoyillari, yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari muhokama qilingan.

Avvalroq siyosiy partiyalar tegishli qonun qabul qilinmaguncha renovatsiyaga shoshilmaslikka chaqirgan edi.