Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumanida energiya resurslarini o‘g‘irlagan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shohobchasi aniqlandi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qorao‘zak tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda Q.M. MCHJ mas’ul shaxslari va boshqalar ko‘lga olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, ular o‘zaro til biriktirib, MCHJning avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shohobchasiga o‘rnatilgan elektron gaz hisoblagich uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatgan. Jami 1,1 million kub metr tabiiy gazdan qonunga xilof ravishda foydalanish oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2,8 milliard so‘m zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.