O‘zbekistonda 2025-yil 1-apreldan gaz va elektr energiyasi tariflari oshiriladi — bu hukumatning 2024-yil apreldagi qarori bilan belgilab qo‘yilgan edi. 23-yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Hududiy elektr tarmoqlari” (HET) kompaniyasi rahbariyati aprelda bo‘lajak elektr tariflari oshishi yuzasidan izoh berdi, deya xabar qilmoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

AOKAAOKA

“2024-yil aprelida Vazirlar Mahkamasining 204-sonli qarori chiqqan. Unda 2024−2025-yillar uchun bir paytning o‘zida tariflarga tegishli o‘zgartirish kiritish ko‘rsatilgan. Tariflar 2018-yildan beri oshmagan edi. Lekin yoqilg‘i, neft mahsulotlari tannarxi har yili, bozor munosabatlariga ko‘ra, oshib boradi. O‘zbekiston ijtimoiy respublika bo‘lgani, ijtimoiy [muhofazaga muhtoj] qatlamga ko‘proq e’tibor berilganligi uchun tariflar ancha vaqt oshirilmadi”, — dedi HET Ma’lumotlarni qayta ishlash va dasturiy tizimlarni takomillashtirish departamenti direktori o‘rinbosari Diyor Nishonov.


U narx oshishi sabablarini izohlarkan, O‘zbekistonda “bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlarni yana ham jadallashtirish, ya’ni joylardagi quvvatlarni oshirish, transformator punktlarini yangisiga almashtirish yoki borlarining quvvatini oshirish tegishli mablag‘ talab qilishi"ni ta’kidladi. “Narxlarni oshirishga shu sababli majbur bo‘linyapti”, — dedi Nishonov.

Avvalroq, Oliy Majlis Senatining 2025-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ikki qayta oshirilganidan keyin ham tariflar “xarajatlarni to‘liq qoplaydigan darajaga chiqmasligi"ni ta’kidlagan edi. Vazirning qayd etishicha, energetika sohasiga ajratilayotgan subsidiyalar 2025−2026-yillarda ham davom etadi, 2027-yilda keskin kamayib, 2028-yildan esa to‘xtashi mumkin.

Aprelda tariflar qanchalik oshadi?

Avvaldan tasdiqlangan reja bo‘yicha, 2025-yil 1-apreldan markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun tarif oyiga:

  • 200 kVt/soatgacha bo‘lgan ijtimoiy norma doirasida 225 so‘mdan 300 so‘mgacha oshadi;
  • 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha 500 so‘m;
  • 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 750 so‘m;
  • 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha 875 so‘m;
  • 10 ming kVt/soatdan yuqori iste’mol uchun 1000 so‘m etib belgilanadi.

Boshqa maishiy iste’molchilar uchun 1 kVt/soat elektr energiyasining narxi oyiga:

  • 200 kVt/soatgacha iste’mol qilinganda 450 so‘mdan 600 so‘mgacha oshiriladi;
  • 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha 1000 so‘m;
  • 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 1500 so‘m;
  • 5 000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha 1 750 so‘m,
  • 10 ming kVt/soatdan ortiq ortiq iste’mol uchun 2 000 so‘m bo‘ladi.

IV guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasi narxi 900 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshiriladi.

Shu sanadan boshlab barcha iste’molchilar uchun 1 kubometr gaz narxi 1800 so‘mgacha, AGTSHKlar uchun 2500 so‘mgacha, issiqlik elektr stansiyalari uchun 1800 so‘mgacha oshiriladi.

Noyabrdan fevralgacha davom etuvchi isitish mavsumida aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bir kubometri narxi gaz iste’moli:

  • 500 kub metrgacha bo‘lganda 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshadi;
  • 500 dan 2500 kub metrgacha bo‘lganda 1800 so‘m;
  • 2500 dan 5000 kub metrgacha 2100 so‘m;
  • 5 000 dan 10 000 kub metrgacha 2500 so‘m;
  • 10 ming kub metrdan yuqori iste’mol uchun esa 3 000 so‘mdan bo‘ladi.

2025-yil 1-apreldan mart-oktabr oylaridagi iste’mol uchun tariflar:

  • 100 kub metrgacha gaz iste’mol qilinganda 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshadi;
  • 101 kubometrdan 2500 kubometrgacha 1800 so‘m;
  • 2500 dan 5000 ming kubometrgacha 2100 so‘m;
  • 5000 dan 10000 kub metrgacha 2500 so‘m;
  • 10 ming kub metrdan yuqori bo‘lganda 3000 so‘m etib belgilanadi.

Aholi uchun suyultirilgan gaz tarifi 1 kg uchun 2000 so‘mgacha oshiriladi.

Ma’lumot uchun, 2025-yil aprelidagi elektr va gaz tariflarining oshirilishi O‘zbekistondagi umumiy inflyatsiya darajasini 1,8−1,9 foiz punktga ko‘tarishi kutilyapti.

Tariflar liberalizatsiyasi. Tannarx shakllanishidagi mavhumlik

O‘zbekistonda energiya tariflari 2024-yil 1-may kuni oshirilgan (va ijtimoiy norma joriy etilgan) edi. Bungacha esa 2019-yil avgustidan beri tariflar o‘zgarishsiz qolayotgan edi — keyingi besh yil davomida tariflarni oshirish bir necha marta qoldirildi. 2023-yil 1-oktabrdan yirik korxonalar, budjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlari oshirilgandi.

2024-yil aprel oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasi tannarxi 1 kVt/soat uchun 1000 so‘mga yaqin, gazniki esa — kubometri uchun 2000 so‘m atrofida. U korxonalarning operatsion xarajatlarini, shu jumladan investitsiya loyihalari va kreditlarni qaytarish bilan bog‘liq xarajatlarni ham o‘z ichiga oladi. 2023-yil sentabr oyida Energetika vazirligi 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi 970 so‘m (2022-yil mayiga nisbatan +21,2 foiz), gazning bir kubometri esa 1890 so‘m (+35 foiz) ekanligini ma’lum qilgandi.

“Xavotir shundaki, bizning qilgan islohotimiz [birinchi bosqichda tariflarni oshirish — tahr.] bitta qadam bo‘lib, 2−3 yildan keyin yana o‘zining [ta'sirini] yo‘qotadi. Nimaga desangiz, hozir biz [narxlarni] tannarxga go‘yoki olib kelyapmiz, lekin 2−3 yilda hozirgi, shaffoflik yo‘q energetika tizimi bilan tannarxlar yana ikki barobar oshib ketmasligiga kim kafolat beradi?” — degandi 2024-yil 1-iyulda, o‘sha vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati hisoblangan Doniyor G‘aniyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 4-noyabrda bo‘lgan yig‘ilishda 2025-yil energetika korxonalari uchun tejamkorlik va samaradorlik yili bo‘lishini ta’kidlagandi. Davlat rahbari har bir energetika korxonasining birinchi galdagi vazifasi tannarxni kamaytirish ekanini qayd etib o‘tgan edi.