Oliy Majlis Senatining 25-yanvar kuni o‘tgan uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonuni muhokama qilindi.
Majlisda qayd etilishicha, fuqarolarning erkin harakatlanishlari, turar va yashash joyini tanlashga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarni ta’minlashga to‘sqinlik qilib kelayotgan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish hamda fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda xabardor qilishning yangi tartibini joriy etish belgilandi.
Shu munosabat bilan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan migratsiya sohasidagi mavjud muammolardan kelib chiqib hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlashga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarni mustahkamlash maqsadida ushbu qonun ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.
Qonun bilan:
Birinchidan, O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishlari hamda ularni yashash va turar joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi asosiy prinsiplar hamda tushunchalar belgilanmoqda.
Ikkinchidan, Ichki ishlar vazirligining yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda. Ularga ko‘ra, sohada yagona davlat siyosatini amalga oshiradi, davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etishi, mutaxassislar tayyorlanishi, qayta tayyorlanishi hamda ularning malakasi oshirilishini ta’minlashi, ro‘yxatdan o‘tkazishga doir uslubiy ko‘rsatmalarni, tavsiyanomalarni ishlab chiqishi hamda joriy etishda ishtirok etishi mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Uchinchidan, O‘zbekistonning chegara zonasida, yopiq harbiy shaharchalarda, yopiq ma’muriy-hududiy tuzilmalarda, tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar ro‘y bergan zonalarda, shuningdek fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligiga tahdid soladigan boshqa joylarda, yuqumli kasalliklarning hamda yuqumli bo‘lmagan ommaviy kasalliklarning tarqalishi, odamlarning zaharlanish xavfi mavjud bo‘lgani munosabati bilan aholining yashashi hamda xo‘jalik faoliyati uchun alohida shartlar va rejimlar joriy etilgan ayrim hududlarda hamda aholi punktlarida, o‘ta muhim va toifalangan obyektlarda, favqulodda yoki harbiy holat e’lon qilingan hududlarida fuqarolarining, chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi cheklanishi belgilanmoqda.
To‘rtinchidan, fuqarolarga hamda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, Davlat xizmatlari markazlari orqali shaxsan hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda murojaat qilishlari imkoniyati yaratilmoqda.
Beshinchidan, Ye-xabar berish tizimi joriy etilib, turar joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishga murojaat qilgan O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ularning hisobini yuritish mazkur tizim orqali amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Oltinchidan, fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yilmasdan istiqomat qilish muddati 15 kundan 10 ish kunigacha qisqartirilmoqda.
Yettinchidan, prokuratura organlari vazirlik va idoralar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yashash guvohnomasiga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning doimiy yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish qoidalariga rioya etishlari faoliyati ustidan nazorat olib borishi ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, qonun bilan O‘zbekistonning Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, aholi orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga yengillik yaratish, huquqni qo‘llash amaliyotida hamda ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda ortiqcha byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarni oldini olish mavjud tartiblar soddalashtirilmoqda. Xususan:
- Pasportsiz yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiz, amal qilish muddati tugaganligi sababli almashtirilishi lozim bo‘lgan pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta bilan yashaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida (amalda ikkidan bir qismidan uch baravarigacha);
- pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani yaroqsizlantirganlik yoki yo‘qotib qo‘yganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida (amalda ikkidan bir qismidan uch baravarigacha);
- yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish qoidalariga rioya etmaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima belgilanmoqda.
Bundan tashqari, qonun bilan 18 yoshga to‘lmagan va 60 yoshdan oshgan shaxslarga pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortilmasligi to‘g‘risidagi yangi qoida kiritilmoqda.
Shu bilan birga, pasportni yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani shaxslardan qonunga xilof ravishda olib qo‘yish huquqbuzarliklari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdordagi jarimalar ham belgilanmoqda.