Qoraqalpog‘istonda joylashgan “Dovud ota” (Qozog‘istonning “Tajen”) chegara o‘tkazish punkti 1-fevraldan vaqtincha yopiladi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev.

Punktlar orqali harakatlanish 3 oy muddatga vaqtincha to‘xtatiladi. Cheklov fuqarolar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillariga taalluqli. Istisno tariqasida 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarining harakati uzluksiz davom ettiriladi.

Ushbu vaqtda chegara o‘tkazish punktlarida ta’mirlash va jihozlash ishlari olib boriladi va u Qozog‘iston tomonidan jismoniy shaxslar va transport vositalarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.

Mazkur davr mobaynida “Tajen” — “Dovut ota” chegara o‘tkazish punktlari orqali harakatlanuvchi shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari “Yallama”, “Zangiota (Navoiy)”, “Oq oltin” va “Malik” o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishlari so‘raldi.

Jismoniy shaxslar “Qoraqalpog‘iston” temiryo‘l o‘tkazish punkti orqali yo‘lovchi poyezdlarida harakatlanishi mumkin.